Koronavirus xavfi: Bosh prokuratura aholiga murojaat yo‘lladi
Jamiyat
−
06 aprel 2020
14110O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalayotgan bir vaqtda odamlarni ogoh bo‘lishga chaqirib, murojaat yo‘lladi.
“Koronovirus infeksiyasining shiddat bilan tarqalayotgani butun insoniyatni jiddiy tashvish va xavotirga solmoqda.
Har bir davlat o‘z imkoniyati doirasida bu ofatning ta’sirini yumshatish hamda keng tarqalishining oldini olishga harakat qilmoqda, turli mamlakatlarda turlicha favqulodda choralar ko‘rilmoqda.
Biroq, vahima va tahlikaga tushmasdan, oqilona, aniq maqsadga qaratilgan qat’iy choralarni ko‘rish, metindek mustahkam tartib-intizom asosida hamjihatlikda harakatlanishgina infeksiyani jilovlashning birlamchi omili bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda davlatimiz rahbarining tegishli Farmon va qarorlari hamda bevosita ko‘rsatmalari asosida ana shunday qat’iy, qisqa muddatda samara berishi aniq bo‘lgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ularning to‘liq ro‘yobga chiqarilishi uchun barcha davlat organlari birdek mas’ul ekanini ortiqcha izohlashga hojat yo‘q.
Bosh prokuratura joriy yilning 4 aprelida koronovirus keng tarqalishining oldini olish, tegishli xizmatlarga mazkur kasallikka chalingan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni tezkor ravishda aniqlash va ularning boshqa fuqarolar bilan muloqotini cheklash bo‘yicha ko‘maklashish choralarini belgiladi.
Jumladan, Bosh prokuraturada koronovirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘yicha idoralararo Shtab, hududlarda esa, idoralararo ishchi guruhlar tuzildi.
Mazkur guruhlar koronovirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan tegishli surishtiruv ishlarini o‘tkazadi, ularning epidemiologik marshruti, kim bilan qachon, qayerda muloqotga kirishganini aniqlaydi.
Fursatdan foydalanib, Bosh prokuratura fuqarolarimizdan bugundan boshlab o‘zlarining kundaliklarini yuritishlarini so‘raydi.
Har bir fuqaro qachon, kim bilan, qayerda va qay tarzda muloqot qilganini yozib borishi maqsadga muvofiqdir.
Bu ma’lumotlar avvalo, kasallikning oldini olish, uning tarqalishiga chek qo‘yish, pirovardida minglab odamlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Zotan, aksariyat davlatlar tajribasi infeksiyaning ilk zarbalarini qabul qilib olayotgan tibbiy xizmatning unga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash hamda tegishli tartibda karantinga joylashtirishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani, davolashga sarfalanadigan vaqt va imkoniyat yo‘qotilayotganini ko‘rsatdi.
Bugun hech bir fuqaroning beparvo bo‘lishga, g‘aflatda qolishga haqqi yo‘q.
Har bir fuqaro berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilmasa, avvalo, o‘zining, oilasining, yaqinlarining va boshqa insonlarning hayotiga xavf tug‘dirishi, hatto umriga zomin bo‘lishi mumkinligini unutmasligi zarur.Koronovirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘yicha Bosh prokuraturadagi Shtab, hududlardagi ishchi guruhlar infeksiyaning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, uning mudhish oqibatlarining oldini olish borasida barchani hamkorlik va hamjihatlikka chaqiradi”, deyiladi Bosh prokuratura murojaatida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 390 nafarga yetdi. Ularning 30 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi