Koreyadan O‘zbekistonga yirik miqdorda insonparvarlik yordami kelyapti
Jamiyat
−
26 aprel 2020
12292Janubiy Koreyada O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashish uchun insonparvarlik yordami yuboryapti. Mazkur yordam O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Umumiy og‘irligi 34 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, Janubiy Koreyaning “Evergreen Motors”, “Hanshin E&C”, “Shindong Resources”, “BOMI E&C”, “GM Korea”, GM, “UNICO Logistics”, “Chung Hospital”, “Myung Sung Placon”, “Suwan TPL”, “Union Korea Pharm”, “Century”, “Infinity Co., Ltd.”, LH, “Hyundai Engineering” kabi kompaniyalari va Shinxan universiteti ko‘magida shakllantirildi.
Bundan tashqari, Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ajratilgan 250 ming dollar miqdoridagi mablag‘ evaziga “PCL Inc.” kompaniyasining 20 ming dona PSR diagnostika test tizimlari xarid qilindi.
Bugun qiymati 900 ming dollarga yaqin 6,2 tonna og‘irlikdagi yuqori texnologik tibbiy uskunalar, avtomat mexanizmli tibbiy karavotlar va PSR diagnostika test tizimlari Uzbekistan Airways aviakompaniyasining maxsus samolyotida mamlakatga jo‘natildi.
Umumiy og‘irligi 27,6 tonnadan ortiq bo‘lgan gumanitar yukning qolgan qismi navbatdagi yuk charter reysi bilan yurtimizga yetkaziladi.
Koryo universiteti professori Yun Sing Ju ham COVID-19 ga qarshi kurashda xalqaro ekspert sifatida ushbu reys bilan Toshkentga keladi.
“Mamlakatingizda yangi turdagi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda yordam berish va o‘zaro tajriba almashish uchun taklif qilinganimdan mamnunman. O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini imkon qadar tezroq bartaraf etish uchun har tomonlama amaliy choralar ko‘rilmoqda. Janubiy Koreya bilan yaqin hamkorlikda ushbu yo‘nalishda samarali ishlar olib borilayotgani ulkan samaralar berayotgani quvonarli. O‘z navbatida, ushbu jarayonga o‘zimning munosib hissamni qo‘shib, birgalikda O‘zbekistonda virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha profilaktik choralarni yanada mustahkamlashga erishishimizga ishonaman”, deydi Yun Sing Ju.
Koreya Respublikasining yordam yuki Toshkentga 26 aprel kuni kechki payt yetib keladi.
Eslatib o‘tamiz, bugungacha O‘zbekistonga BAA, Xitoy, AQSH, Ozarbayjon va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti koronavirusga qarshi kurash uchun yordam jo‘natgandi.
LiveBarchasi