Toshkentda homilador ayol koronavirusdan sog‘aydi
Jamiyat
−
26 aprel 2020
9601Bugun, 26 aprel kuni Toshkent shahridagi 3-sonli tug‘uruq majmuasida ilk bor koronavirusga chalingan 2 nafar bemor: yaqinda farzandli bo‘lgan ayol hamda homilador ayol sog‘ayib chiqishdi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.
Birinchi bemor ayol 38 yoshda bo‘lib, Namangan shahridan. Joriy yil 31 mart kuni Toshkent shahar perinatal markazida farzandli bo‘lgan. Onada koronavirus infeksiyasi aniqlangach, 3-sonli tug‘uruq majmuasiga olib kelingan. Uning farzandida esa koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.
Homilador ayol esa 28 yoshda bo‘lib, Samarqand shahridan. U joriy yil 26 mart kuni Turkiyadan Toshkentga kelgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi aniqlangach, 3-sonli tug‘uruq komleksiga olib kelingan. Ayni paytda 32 haftalik homilasi rivojlanmoqda.
Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ikki nafar bemorda ham koronavirus infeksiyasi yo‘qligini ko‘rsatdi.
Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 765 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirus yuqtirganlar soni 1869 nafarga yetdi. Bugungacha bemorlarning 8 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi