Kongressmenlar Isroilga 17,6 milliard dollarlik yordam paketini rad etdi
Olam
−
07 fevral
5179AQSH Kongressining Vakillar palatasi Isroilga 17,6 milliard dollarlik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini rad etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
AQSH Demokratik partiyasi vakillarining qarshiligi tufayli qonun loyihasini qabul qilib bo‘lmadi. Ular Isroilga yordamni Ukrainaga yordam va AQSH janubiy chegarasi xavfsizligi uchun mablag‘larni ham o‘z ichiga olgan kengroq paketga kiritishni talab qilmoqda.
Bundan tashqari, 14 nafar respublikachi qonun loyihasi fiskal mas’uliyatsizlik ekanini aytib, tashabbusga qarshi ovoz berdi.
Kongressdagi ovoz berish arafasida Oq uy respublikachilar tashabbusini tanqid qildi va AQSH Prezidenti Jo Bayden qonun loyihasiga veto qo‘yishi bilan tahdid qildi. Bayden ma’muriyati qonun loyihasini Senatning boshqa tashabbusidan e’tiborni chalg‘itishga qaratilgan "siyosiy hiyla" deb atadi. Respublikachilar palatasi spikeri Mayk Jonson esa Prezidentning veto qo‘yish tahdidini Isroilga nisbatan “xiyonat harakati” deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, 4 fevral kuni demokratlar ko‘pchilikni tashkil etadigan AQSH Senati chegarani himoya qilish uchun 20,23 milliard dollar, Ukrainaga yordam berish uchun 60,06 milliard dollar, Isroilga yordam berish uchun 14,1 milliard dollar va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi hamkorlarga yordam berish uchun 4,83 milliard dollar ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etgandi. 5 fevral kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasidagi respublikachilar yetakchilari qonun loyihasi Senatda muhokama qilinishiga qarshi chiqdi.
LiveBarchasi