“Komadagi” “Bunyodkor”ning yana yuz minglab dollar qarzi borligi ma’lum bo‘ldi

Sport

image

Toshkentning “Bunyodkor” klubi moliyaviy muammolar fonida navbatdagi jiddiy qarzdorlikka duch keldi. Jamoa sobiq yapon legioneri Isuki Urataga 328,5 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘lashi kerak. Bu haqda FIFA Nizolarni hal qilish palatasi qaror qabul qilgan.

Qarorga ko‘ra, “Bunyodkor” klubi yaponiyalik futbolchiga 328 426 dollardan ortiq mablag‘ to‘lashi kerak. Ushbu summa tarkibiga 45 ming dollar to‘lanmay qolgan maosh hamda shartnoma muddatidan oldin bekor qilingani uchun 283 426 dollar kompensatsiya kiradi. Bundan tashqari, qarzdorlikka yillik 5 foiz miqdorida ustama hisoblanadi.

Agar “Bunyodkor” belgilangan mablag‘ni 45 kun ichida to‘lamasa, FIFA klubga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlashi mumkin. Bu holat yuzaga kelsa, klub uchun navbatdagi transfer taqiqiga uchraydi.

Ma’lumot uchun, 29 yoshli Urata 2024 yilning yozida “Bunyodkor” safiga qo‘shilgan. U Toshkent klubida 39 ta uchrashuvda 2 ta gol va 3 ta golli uzatmani qayd etgan. Yapon futbolchisi 2026 yil aprelida maoshi o‘z vaqtida to‘lanmagani sabab “Bunyodkor”ni tark etgan. Hozirda u Xorvatiyaning “Slaven Belupo” klubi sharafini himoya qilmoqda.

Qizig‘i shundaki, “Bunyodkor” Urata bilan shartnomani 2025 yilning dekabrida 2027 yil oxiriga qadar uzaytirganini e’lon qilgan edi.

Qayd etish joiz, klubning moliyaviy muammolari avval ham FIFA sanksiyalariga sabab bo‘lgan. Rivaldo va Denilson oldidagi qarzdorliklar tufayli “Bunyodkor”ga avvalroq ikkita transfer taqiqi qo‘llangan. Urata bo‘yicha majburiyat bajarilmasa, bu ro‘yxatga yana bitta taqiq qo‘shilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bunyodkor” moliyaviy qiyinchiliklar sababli Superliganing 15-turi doirasida safar uchrashuviga bora olmasligini ma’lum qilgan edi. Natijada jamoaga “Qizilqum”ga qarshi o‘yin uchun texnik mag‘lubiyat yoziladi. Keyinroq jamoaga davlat byudjetidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing