O‘zbekistondagi qator klublar boshqaruvi xususiy sektorga beriladi

Sport

−

image

O‘zbekistondagi bir qator professional futbol klublarini ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha ochiq tanlov e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 martdagi “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etiladi.

Qarorning 12-bandi “b” bandiga ko‘ra, professional futbol klublari faoliyati bilan bog‘liq yillik xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘larini kiritgan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhiga klublarni ishonchli boshqaruvga berish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, “Bunyodkor”, “Buxoro”, “Dinamo”, “Qizilqum”, “Navbahor”, “Nasaf”, “Neftchi”, “Lokomotiv”, “Mash’al”, OKMK va “Paxtakor” futbol klublari mazkur tanlov doirasida ishonchli boshqaruvga berilishi mumkin.

Klublarni boshqaruvga olgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyozlar ham belgilangan. Xususan, klub faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan homiylik xayriyalari uchun yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi kamaytiriladi. Bunda imtiyoz miqdori soliq solinadigan foydaning 10 foizidan oshmasligi kerak.

Shuningdek, futbol klublari futbolchilarining jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinishi hamda ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, likvidli garov ta’minoti va istiqbolli biznes-rejalar taqdim etilgan taqdirda, tijorat banklari tomonidan klublarni sotib olish, sport ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 5 yil muddatga, 1 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 14 foiz stavkada kredit ajratiladi.

Klubni boshqaruvga olgan tadbirkorlarga o‘z mahsulot va xizmatlarini sportni ommalashtirish hamda targ‘ib qilishga qaratilgan efirlar davomida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi markaziy va hududiy telekanallarda reklama qilish uchun 50 foizlik chegirma ham beriladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing