Banklarga kreditning oqibatlari haqida oldindan ogohlantirish talabi qo‘yildi
Jamiyat
−
10:17 337 2 daqiqa
O‘zbekistonda banklar endi kreditning oqibatlari haqida oldindan ogohlantirishi talab etiladi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarorida so‘z boradi.
Nima o‘zgaradi?
- banklar kredit reklamasida qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik xavfli ekani haqida ogohlantirish berishi talab etiladi;
- bu ogohlantirish reklamaning kamida 10 foizini egallaydi (rasm, video yoki audio reklamada);
- kredit shartnomasining birinchi sahifasida ham ogohlantirish bo‘ladi – sahifaning kamida 30 foizi;
- ogohlantirishda qarz to‘lanmasa, qarz oluvchiga nisbatan nima bo‘lishi mumkinligi haqidagi oqibatlar ko‘rsatiladi: qarz ko‘payadi, mol-mulk va hisobvaraqlardagi pulga undiruv qaratiladi, kredit tarixi buziladi;
- mijozni chalg‘ituvchi kredit mahsuloti uchun bankka nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanadi.
Ushbu o‘zgartirishlar iste’molchilarning kredit olishdan oldin uning xatarlari va qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida aniq va tushunarli ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Bu esa fuqarolarning o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholab, o‘ylab qaror qabul qilishiga, ortiqcha qarz yuki va muddati o‘tgan qarzdorliklar kamayishiga, banklarning reklama va kredit mahsulotlarida ochiq bo‘lishiga va iste’molchilar uchun to‘g‘ri ma’lumotlar berishga hamda mamlakatda mas’uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Hujjat adliya vazirligida joriy yilning 30 sentyabr kuni 3948-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oydan keyin kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi