“Bunyodkor”da og‘ir inqiroz: klub safar o‘yiniga borish uchun pul topa olmadi

Sport

image
“Bunyodkor” va Rivaldo mojarosi: 9,2 million yevrolik qarz qachon to‘lab bo‘linadi? north_east

“Bunyodkor” va Rivaldo mojarosi: 9,2 million yevrolik qarz qachon to‘lab bo‘linadi?

Superliga 15-turi doirasida Bunyodkor Navoiyda Qizilqum mehmoni bo‘lishi lozim edi. Bugun, 30 iyul kuni klub safar o‘yiniga bora olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zPFLga yo‘llangan xatda “Bunyodkor” klubidagi og‘ir moliyaviy holat mazkur qarorga sabab sifatida ko‘rsatilgan. Ya’ni, Bunyodkor klubida yo‘l chiptalarini xarid qilish, safar davomida mehmonxonada istiqomat qilish va delegatsiya a’zolarini ovqatlantirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun mablag‘ mavjud emas. Avvalroq, klub bosh murabbiyi va qator futbolchilar jamoa a’zolari bir necha oydan buyon maosh olmayotgani, klub bazasida qator muammolar mavjud ekanligini ma’lum qilgan.

Superliga reglamentidan kelib chiqib, 15-tur doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Qizilqum” – “Bunyodkor” uchrashuvi uchun mehmonlarga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Shuningdek, mavsum davomida bu kabi holat qayta sodir etilsa, “Bunyodkor” futbol klubini Superliga musobaqasidan chetlashtirish masalasi Liga Ijroiya qo‘mitasi kun tartibiga kiritiladi.

O‘z navbatida, Liga “Qizilqum” – “Bunyodkor” uchrashuvini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalarni to‘xtatadi.

Eslatib o‘tamiz, “Bunyodkor”ning moliyaviy muammosi faqatgina yuqoridagi holat emas. Klubning braziliyalik sobiq futbolchisi Rivaldo oldida ham qarzi bor. Ushbu qarzdorlik sabab FIFA klubga transfer taqiqi qo‘ygan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing