“Bunyodkor” og‘ir ahvolda: jamoa murabbiylarsiz qoldi

Sport

image

Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubi bosh murabbiy Ilyos Zeytullayev hamda uning yordamchilari jamoani tark etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Klub xabariga ko‘ra, bosh murabbiy Ilyos Zeytullayev, shuningdek, uning yordamchilari Alessandro Spinolo, Andres Moauro va Marko Nikodemo o‘z xohishi hamda tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra iste’foga chiqqan.

“Qaldirg‘ochlar” rahbariyati mutaxassislarga jamoa kelajagi yo‘lida amalga oshirgan mehnati va fidoyiligi uchun minnatdorlik bildirib, ularning keyingi murabbiylik faoliyatiga omad tilagan.

Zeytullayev ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali “Bunyodkor” bilan xayrlashdi.

“Izlash vaqti bor va yo‘qotish vaqti bor, saqlash vaqti bor va uloqtirish vaqti bor, yirtish vaqti bor va tikish vaqti bor, sukut saqlash vaqti bor va gapirish vaqti bor. Har bir narsaning o‘z vaqti va quyosh ostida o‘z o‘rni bor. “Bunyodkor” futbol klubi bilan birga ushbu go‘zal yo‘lni bosib o‘tgan va hayotimda o‘z izini qoldirgan har bir insondan – futbolchilardan tortib muxlislar, klub rahbariyati, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar, xavfsizlik xodimlari va yana juda ko‘pchilikdan Yaratganga shukrona aytaman!!! Ayolim va farzandlarimga sabr-toqati hamda qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun rahmat. Sizlar hamisha mening yuragimdasiz”, deb yozadi Zeytullayev.

Ma’lumot uchun, hozirda “Bunyodkor” klubi o‘g‘ir moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, klub futbolchilari bir necha oydan beri oylik maoshlarini olmayapti va bundan tashqari jamoada sobiq futbolchilari Rivaldo, Denilson va Isuki Uratadan millionlab dollar qarzlar bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bunyodkor” moliyaviy qiyinchiliklar sababli Superliganing 15-turi doirasida safar uchrashuviga bora olmasligini ma’lum qilgan edi. Natijada jamoaga “Qizilqum”ga qarshi o‘yin uchun texnik mag‘lubiyat yoziladi. Keyinroq jamoaga davlat byudjetidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing