Kobaxidze Toshkentga safarini yakunladi

Jamiyat

image

Bugun, 5 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hukumat portalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda hukumatlar oldida madaniy, savdo-sotiq va gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida bajarish hamda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish asosiy vazifa sifatida turgani ta’kidlangan.

“Bunda asosiy e’tiborni uch yo‘nalishga, ya’ni, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, investitsiya va kooperatsiya loyihalari ko‘lamini kengaytirish, transport-logistika tizimini yanada yaxshilashga qaratish lozimligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Qolaversa, uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmi va uning tarkibi mamlakatlar salohiyatiga mos emasligi, O‘zbekiston-Gruziya o‘rtasidagi erkin savdo kelishuvi imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, yaqin yillarda savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligiga e’tibor qaratilgan.

Bunday natijaga to‘qimachilik, poyabzal va charm, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari, rangli va qora metallar, meva-sabzavot, kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlar oldi-sotdisiga keng yo‘l ochish orqali erishish mumkinligi bildirilgan.

Shu bilan birgalikda, hukumatlar delegatsiyalari uchrashuvida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy yo‘nalishlardan tashqari, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, ta’lim, turizm, madaniy-gumanitar sohalarida ham o‘zaro munosabatlarni yanada yaxshilash ikki davlat manfaatlariga birdek mos kelishi ta’kidlangan.

“Hududlararo hamkorlik o‘zaro munosabatlarning muhim omili bo‘lishi mumkinligi, shu ma’noda, Samarqand va Batumi, Buxoro va Msxeta shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi”, deyiladi xabarda.

Uchrashuvlar yakuniga yetgach, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening O‘zbekistonga amalga oshirgan ikki kunlik rasmiy tashrifi yakuniga yetgan.

Uni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 mart kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgandi. Keyinroq, Kobaxidze O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Qolaversa,  Oliy Majlis Senatida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Bugun, 5 mart kuni esa Prezident Shavkat Mirziyoyev ham mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Abdulla Aripov Irakliy Kobaxidze

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing