Kiyev Kaxovka to‘g‘onining portlatilishi ortidan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirdi
Olam
−
06 iyun 2023 7738 1 daqiqa
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Kaxovka GESi to‘g‘onining portlatilishi munosabati bilan BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytildi.
“6 iyun kuni ertalab Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba tomonidan taklif qilingan Ukraina TIVning javob kontekstidagi harakatlari ro‘yxati kelishib olindi. Ro‘yxatda Ukraina tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirish ham ko‘zda tutilgan ”, deyiladi bayonotda.
Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani MAGATE Boshqaruvchilar kengashi majlisiga olib chiqish, shuningdek, “Yevropa Ittifoqining fuqarolik himoyasi mexanizmini faollashtirish” zarurligini bildirgan.
Shuningdek, Kiyev G7 mamlakatlari va Yevropa Ittifoqini Rossiya Federatsiyasiga, xususan, Rossiya raketa sanoati va atom sanoatiga qarshi yangi keng qamrovli sanksiyalar joriy etish masalasini darhol ko‘rib chiqishga chaqirgan. Bayonotda Kaxovka GESi to‘g‘onining portlashi “texnogen va ekologik terrorizm”, deb atalgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 6 iyun kuni Ukrainaning Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘oni portlatib yuborilgandi. Kiyev va Moskva bir-birini to‘g‘onni portlatganlikda va Ukraina janubida keng ko‘lamli suv toshqiniga sabab bo‘lganlikda aybladi.
Live
Barchasi