Kinematografiya agentligi direktori “Sevimli” foydasini ko‘zlab byudjetdan pul ajratgani tasdiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani ehtimoli bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish boshlagani haqida xabar bergan edik. Agentlik o‘rganish natijalarini e’lon qildi. 

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Kinematografiya agentligi tomonidan shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablag‘larining taqsimlanishida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi holatlari aniqlangan. 

Xususan,  Kinematografiya agentligi direktori va bir vaqtning o‘zida subsidiya mablag‘larini taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolatiga ega Badiiy kengash raisi – Firdavs Abduxoliqov subsidiya mablag‘larining taqsimlanishi va kontragentni tanlash jarayonida yaqin qarindoshlari benefitsiar bo‘lgan (ta’sischilari: Sharapova F.S. - Firdavs Abduxoliqovning turmush o‘rtog‘i 70 foiz, Rashidova A.F. - Firdavs Abduxoliqovning qizi 20 foiz, Abduxalikov A.F. - Firdavs Abduxoliqovning o‘g‘li – 10 foiz) “Master Media Production and Broadcast” MCHJ bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lsa-da, bu holatni bartaraf qilish choralarini ko‘rmasdan, mazkur jamiyat manfaatlarini yoqlab ovoz berishda va qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan.

Masalan, 2021 yilning o‘zida Kinematografiya agentligi tomonidan berilgan davlat buyurtmalari asosida “Sevimli” telekanali (“Master Media Production and Broadcast” MCHJ) ishtirokida “Orzular palatasi” va “Tuzoq” seriallari suratga olingan.

Jumladan, 2021 yilning 22 fevral kuni Kinematografiya agentligi, “Master Media Production and Broadcast” MCHJ hamda “MY-FILMS” MCHJ o‘rtasida “Orzular palatasi” milliy serialini suratga olish maqsadida qiymati 3,0 mlrd so‘mlik shartnoma imzolanib, Kinematografiya agentligi tomonidan 1,5 mlrd so‘m pul mablag‘lari “MY-FILMS” MCHJ hisob raqamiga o‘tkazib berilgan.

Bundan tashqari, Kinematografiya agentligi hamda “Master Media Production and Broadcast” MCHJ o‘rtasida “Tuzoq” milliy serialini suratga olish uchun 2021 yilning 18 may kuni jami qiymati 1,8 mlrd so‘mlik ikki tomonlama shartnoma (dxarid.uz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali) imzolangan va 1,8 mlrd so‘m pul mablag‘lari jamiyat hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. 

Shunga ko‘ra, mazkur holatlarda O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov yaqin qarindoshlari ta’sischiligidagi MCHJning manfaatlarini ko‘zlab, davlat byudjetidan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larining ajratilishiga erishib, qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi

Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi

Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov  ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.

Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan. 

20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi. 

Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

301

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing