Kim Chen Inning singlisi Baydenning bayonotini “keksa odamning vaysashi” deb atadi
Olam
−
29 aprel 2023
8269Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning singlisi, Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Kim Yo Chjon AQSH Prezidenti Jo Baydenning KXDRdagi mavjud tartibni yo‘q qilish haqidagi bayonotlarini “kelajagi bo‘lmagan keksa odamning vaysashi”, deb atadi. Bu haqda bugun, 29 aprel kuni tarqatilgan bayonotda so‘z bordi.
“Hisob-kitoblarsiz indamay o‘tib bo‘lmaydigan yana bir fakt shuki, butun dunyoning diqqat markazida bo‘lgan dushman davlat hukmdori shaxsan o‘zi “rejimni tugatish” iborasini ochiqchasiga ishlatgan. Buni keksa odamning ahmoqligi deb hisoblash mumkinmi? Albatta, buni kelajagi yo‘q, Amerika Qo‘shma Shtatlarining xavfsizligi, kelajagi uchun mas’ul bo‘lishni o‘z zimmasiga olmagan va qolgan ikki yillik prezidentlik faoliyati bilan qiynalayotgan keksa odamning bema’ni gapi deb hisoblash mumkin”, deyiladi bayonotda.
Aytish joizki, joriy haftada Bayden Janubiy Koreya yetakchisi Yun Sok Yol bilan Vashingtonda o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida Shimoliy Koreyaning AQSH, uning ittifoqchilari va yadro quroliga ega sheriklariga faraziy hujumi Pxenyan rejimining yo‘q qilinishiga olib kelishini aytgan.
Bayden Bosh qo‘mondon sifatida yadro qurolidan foydalanish uchun mutlaq vakolat va huquqqa ega ekanini eslatgan. Shu bilan birga, u Qo‘shma Shtatlar Koreya yarim orolida yadro qurolini joylashtirmoqchi emasligini ham aytgan.
Vashington deklaratsiyasi haqida
Kim Yo Chjon esa AQSH va Janubiy Koreya o‘rtasida yadroviy rejalashtirish bo‘yicha maslahat guruhini tuzish to‘g‘risidagi Vashington deklaratsiyasi Shimoliy-Sharqiy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikka tahdid ekanini aytgan.
“AQSH va Janubiy Koreya yetakchilari tomonidan qabul qilingan Vashington deklaratsiyasi KXDRga nisbatan shafqatsiz siyosat natijasi bo‘lib, ularning eng dushmanlik va tajovuzkor harakatlariga moyilligini aks ettiradi. Bu esa Shimoliy-Sharqiy Osiyo mintaqasi va butun dunyoda xavfsizlik va tinchlikka jiddiy tahdid soladigan oqibatlarga olib keladi. Hech kim bunday harakatlarni olqishlamaydi”, deydi Kim Chen Inning singlisi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bayden va Yun Sok Yol o‘rtasidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha deklaratsiya imzolangan, unga ko‘ra KXDR tahdidlari bilan bog‘liq holda yadroviy rejalashtirish bo‘yicha ikki tomonlama maslahat guruhi tuzish belgilandi. Yun Sok Yol Oq uydagi tadbirda qo‘shiq ham kuylagan edi.
LiveBarchasi