Kim Chen Inga qarshi davlatlar dengizdagi kuchlarini birlashtirmoqda
Olam
−
03 aprel 2023
11701Koreya Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Harbiy-dengiz kuchlari, shuningdek, Yaponiya Mudofaa vazirligining dengiz kuchlari samolyot tashuvchi kema ishtirokida ikki kunlik o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Bu haqda bugun, 3 aprel kuni Koreya Respublikasi Milliy mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
“Koreya Respublikasi Harbiy-dengiz kuchlari 3-4 aprel kunlari Jeju-do janubidagi ochiq dengizda AQSH va Yaponiya ishtirokida suv osti kemalariga qarshi urush va qidiruv-qutqaruv mashqlarini o‘z ichiga olgan uch tomonlama mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Qayd etilishicha, mashqlarni AQSH harbiy-dengiz kuchlarining 11-tashuvchi zarba berish guruhi qo‘mondoni Kristofer Suni olib boradi. Janubiy Koreya tomoni “Yulgok Li I”, “Chxve Yon”, “Te Chjo Yon” esminetslari (yuqori tezlikdagi ko‘p maqsadli jangovar kema), Amerika tomoni esa Nimitz aviatashuvchi kemasi va ikkita esminets bilan ishtirok etadi. Yaponiya Mudofaa vazirligi ham qo‘shma mashg‘ulotlarga bitta kema yuborgan.
“Uch tomonlama suv osti kemalariga qarshi mashg‘ulotlar oxirgi marta olti oy oldin – 2022 yilning sentyabrida bo‘lib o‘tgan. Hozirgisi Koreya Respublikasi, AQSH va Yaponiyaning Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarga javob berish qobiliyatini kuchaytirishga qaratilgan”, deyiladi rasmiy Seul bayonotida.
Milliy mudofaa vazirligining qo‘shimcha qilishicha, uch tomonlama qidiruv-qutqaruv mashg‘ulotlari 7 yil ichida birinchi marta o‘tkaziladi. Mazkur qo‘shma mashg‘ulotlarda uch mamlakat harbiylari suv osti tahdidlarini aniqlash, kuzatish, ma’lumot almashishni mashq qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mart oyi oxirida Kim Chen In suv osti hujumi uchun mo‘ljallangan yadroviy dronni 2 marotaba sinovdan o‘tkazgan edi. Birinchi sinovda dron suv ostida 80-150 metr chuqurlikda 59 soatdan ko‘proq vaqt davomida harakatlanib, sharqiy sohildagi suvlarda yadroviy bo‘lmagan yukni portlatib yuborgandi. Ikkinchi sinovda esa qurilma 41 soat 27 daqiqa oval va zigzag trayektoriyasida taxminan 600 km masofani bosib o‘tgan va maket yadro zaryadini portlatib yuborgandi. Shundan so‘ng AQSH harbiy-dengiz kuchlarining Nimitz yadroviy samolyot tashuvchi kemasi Koreya Respublikasi harbiy-dengiz kuchlari bilan yarim orol janubidagi suvlarda qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazib, Janubiy Koreyaning Pusan port shahriga yetib kelgandi.
LiveBarchasi