XTV Andijon viloyati XTB boshlig‘i hibsga olinganiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
08 iyun 2022
14813Avvalroq Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov hibsga olingani haqida xabar bergan edik. Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi tizimida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan byudjet mablag‘larining noqonuniy sarflanishi yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan materiallar qonuniy baho berish uchun Hisob palatasi tomonidan vazirlikning Ichki audit xizmati bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga 2021 yilning noyabr oyida taqdim etilgan. Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
“Ayni damda jinoyat ishi doirasida aybdorlarni aniqlash maqsadida bir nechta tashkilot va idoralar, shu jumladan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari ham tergovga jalb etilganligini ma’lum qilamiz.
Xalq ta’limi vazirligi tizimda korrupsiyaga oid hatti-harakatlarni oldini olish va qonunbuzilish holatlarini aniqlash maqsadida olib borilayotgan ishlar doimiy ravishda davom etishini ma’lum qilamiz”, deyiladi XTV munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 iyun kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov hibsga olindi. U jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.
Aytish joizki, dastlab Bahrom Haydarov davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazishda gumonlangandi. Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida joriy yilning 3 fevral kuni deputat va hokimni tergovga jalb qilish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida Bahrom Haydarov hokimiyat huzuridagi Yer maydonlarini ajratish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus komissiya a’zolari bilan guruhda Yer kodeksining 17, 23, 62-moddalari, qolaversa, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining qaror hamda farmoyishlariga zid ravishda jismoniy va yuridik shaxslarga auksion orqali o‘zining vakolatidan qasddan foydalanib, yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi haqida mutasaddi mansabdorlarga ko‘rsatma bergani aniqlangan.
Hokim aslida bekor qilingan hujjatlarni asos qilib ko‘rsatgan holda, komissiya dalolatnomalari va yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlariga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, 2019-2020 yillarda yer maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi qaror va farmoyishlarni qabul qilgan.
Keyinroq Bosh prokuratura Bahrom Haydarov Andijon shahar moliya bo‘limida ishlagan vaqtida 48 mlrd mablag‘larni talon-toroj qilishda gumonlanayotganini ma’lum qildi. Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishida 37 nafar shaxs ayblanib ulardan 32 nafari hibsga olingan.
LiveBarchasi