Andijon shahrining sobiq hokimi va yana 43 mansabdorga nisbatan sud ishi boshlandi
3-sahifa
−
07 Sentabr 2022
12695Farg‘ona viloyat sudida Andijon shahrining sobiq hokimi, prokurori va viloyat va shahar darajasidagi turli vazirlik idoralarning mas’ul lavozimlarini egallagan shaxslarga nisbatan sud jarayoni bo‘lib o‘tyapti. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, sudda sudlanuvchilar:
• B.H. (erkak, 1972 yilda Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Andijon viloyat hokimligi Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i va Andijon shahar hokimi lavozimlarida ishlagan);
• Q.A. (erkak, 1982 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Andijon shahar prokurori va Andijon viloyat prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi lavozimlarida ishlagan);
• Andijon viloyati Moliya va Xalq ta’limi boshqarmalari, Andijon shahar Moliya va Xalq ta’limi bo‘limlarining sobiq rahbarlari va mas’ul lavozimlarida ishlagan shaxslar va boshqalarga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.
Jami 44 nafar sudlanuvchining 29 nafari erkak hamda 15 nafari ayol bo‘lib, 34 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 10 nafariga esa “garov” va “uy qamog‘i” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar tomonidan 63 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ talon-toroj qilingan va ular Jinoyat kodeksining 167, 168, 207, 209, 210, 28,210, 211, 28,211 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ushbu jinoyat ishi Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi A. O‘tayev raisligida hamda sudyalar O. Arabov va Sh. Sherqulovdan iborat tarkibda, birinchi instansiya sudida ko‘rilmoqda.
Ayni paytda sud tergovi o‘tkazilib, sud jarayoni davom etmoqda.
Sud jarayoni yakuni bo‘yicha batafsil axborot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, sobiq Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov joriy yilning 6 iyun kuni qamoqqa olindi. U jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda. Uning ortidan Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ham hibsga olindi.
Aytish joizki, dastlab Bahrom Haydarov davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazishda gumonlangandi. Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida joriy yilning 3 fevral kuni deputat va hokimni tergovga jalb qilish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida Bahrom Haydarov hokimiyat huzuridagi Yer maydonlarini ajratish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus komissiya a’zolari bilan guruhda Yer kodeksining 17, 23, 62-moddalari, qolaversa, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining qaror hamda farmoyishlariga zid ravishda jismoniy va yuridik shaxslarga auksion orqali o‘zining vakolatidan qasddan foydalanib, yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi haqida mutasaddi mansabdorlarga ko‘rsatma bergani aniqlangan.
Bahrom Haydarov aslida bekor qilingan hujjatlarni asos qilib ko‘rsatgan holda, komissiya dalolatnomalari va yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlariga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, 2019-2020 yillarda yer maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi qaror va farmoyishlarni qabul qilgan.
Keyinroq Bosh prokuratura Bahrom Haydarov Andijon shahar moliya bo‘limida ishlagan vaqtida 48 mlrd mablag‘larni talon-toroj qilishda gumonlanayotganini ma’lum qildi. Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishida 37 nafar shaxs ayblanib ulardan 32 nafari hibsga olingan.
LiveBarchasi