Andijon shahri sobiq hokimining o‘limida sudning adolatsizligi bormi?
3-sahifa
−
05 mart
20956Oldinroq, Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov qamoqxonada vafot etgani xabar qilingandi. Endilikda uning jazo muddatini o‘tayotgan paytida jiddiy kasalliklar bilan og‘rigani ochiqlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
2022 yil 6 iyundan beri jazo muddatini o‘tayotgan mahkum, sobiq hokim Bahrom Haydarov 2022 yil 30 dekabr kuni 30-son tergov hibsxonasidan davolanish uchun IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (JIED)ning 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonasiga (MUIK) olib borilgan.
QALAMPIR.UZ manbasining xabar berishicha, koloniya boshlig‘i Haydarovda bir nechta kasalliklar aniqlangani, sog‘ligi yomonlashgani sababli uni Jinoyat kodeksining 75-moddasiga asosan, jazoni o‘tashdan ozod qilish haqida sudga taqdimnoma bergan.
2023 yil 15 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi 23-sonli MUIK binosida ishni ko‘rib chiqqan. Biroq 23-son MUIK boshlig‘ining mahkum Bahrom Haydarovga nisbatan keltirilgan taqdimnomasi rad etilgan.
Sud hujjatida keltirilishicha, Jinoyat kodeksining 75-moddasiga binoan, shaxs jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasallikka chalinib qolsa, jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozimligi ko‘rsatilgan.
“Sud ish hujjatlarini tekshirib, davolovchi shifokor va advokat E.Nosirovning taqdimnomani quvvatlab bergan fikrini, prokurorning taqdimnomani rad qilishni so‘rash haqidagi fikrini eshitib, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining 2023 yil 2 noyabrdagi Nº230-sonli xulosasida, mahkum B. Haydarovga qo‘yilgan tashxis asosli ekanligi yozilgan bo‘lsa-da, biroq mahkumning mazkur kasalliklari uni jazosini o‘tashga monelik qilayotgani haqida ko‘rsatib o‘tilmaganini, shu bilan birga, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishini, o‘talmagan jazo muddati 8 yil 6 oy 21 kunni tashkil etishini inobatga olib, mahkum B.Haydarovga nisbatan kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilish haqida keltirilgan taqdimnomani rad qilishni lozim deb hisoblaydi”, deyiladi ajrimda.
Mazkur masala, 2023 yil 30 noyabr kuni Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ham ko‘rilgan. Sud majlisida raislik qiluvchi sudya Rajabov birinchi instansiya sudi chiqargan ajrimni o‘zgarishsiz qoldirgan.
“Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2023 yil 15 noyabrdagi ajrimi o‘zgarishsiz, keltirilgan xususiy apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilsin. Ajrim uzil-kesil hisoblanib, shikoyat, protest keltirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi ajrimda.
Yuqorida birinchi instansiya sudi qarorida sobiq hokimning kasalligi haqidagi hujjatlar o‘rganilgani, RSTEIAM Toshkent shahar filialining xulosasida, mahkum B.Haydarovga qo‘yilgan tashxis asosli ekanligi yozilgan bo‘lsa-da, biroq mahkumda aniqlangan kasalliklar uning jazosini o‘tashiga monelik qilayotgani haqida ko‘rsatib o‘tilmagani va boshqalar vaj qilinib, 23-son MUIK tomonidan berilgan taqdimnoma rad etilgani aytilgandi.
Bahrom Haydarovning himoyachisiga ko‘ra, keltirilgan aynan shu vaj sababli u Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialiga sobiq hokimda aniqlangan kasalliklar uning jazo o‘tashiga monelik qilish-qilmasligini aniqlash maqsadida advokatlik so‘rovi bilan murojaat qiladi.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining advokatga bergan javob xatida shunday deyiladi:
"2023 yilning 2 noyabrida Haydarov Bahromjon Nosirboyevichni salomatlik holatini baholash yuzasidan komission sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan.
1. B.Haydarovda ekspertiza o‘tkazilgan vaqtda aniqlangan kasalliklar salomatlik holati bo‘yicha uning ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni o‘tashiga monelik qiladi.
2. B.Haydarovda ekspertiza jarayonida aniqlangan kasalliklarning majmui, ularning rivojlanganlik darajalari va asoratlarning mavjudligi unda har qanday vaqtda og‘ir (qaytmas) oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan dalolat beradi”, deyiladi ekspertiza xulosasida.
Himoyachiga ko‘ra, u asosli hujjatni olib, Toshkent shahar taftish instansiyasiga murojaat qilgan. Sud 2024 yil 1 fevral kuni bo‘lib o‘tgan. Keltirilgan barcha hujjatlarga qaramay, taftish instansiyasi ham birinchi instansiya va appelyatsiya instansiyasi sudi ajrimlarini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Marhumning yaqinlari QALAMPIR.UZ bilan suhbatda sudning qaroridan norozi ekanini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Bahrom Haydarov 2022 yilning iyun oyida davlat mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan. U Andijon shahar moliya bo‘limida ishlagan vaqtida 48 mlrd mablag‘larni talon-toroj qilgan. Tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan. Bahrom Haydarov hokim sifatida ham yer ajratish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga 1,7 mlrd so‘mdan ortiq zarar keltirgani ma’lum qilingan.
2022 yilning dekabr oyi oxirlarida Bahrom Haydarov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
LiveBarchasi