Xorijlik fuqarolar maygacha O‘zbekistonda qoladi
Jamiyat
−
22 mart 2020
7536O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan xorijiy fuqarolarning mamlakatdan chiqib ketishlaridagi muammolarni inobatga olib, ularning viza muddatini joriy yilning 5 may sanasigacha avtomatik tarzda uzaytiriladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishida shunga doir qaror qabul qilingan.
Shuningdek, hujjatga ko‘ra, muayyan muddatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolariga ham (belgilangan muddat buzilgan taqdirda) istisno tarzida mamlakat hududidan chiqib ketishiga joriy yilning 5 mayiga qadar ruxsat beriladi.
Yuqoridagi holatlarda xorijiy mamlakatlar fuqarolariga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaydi hamda jarima undirilmaydi.
Transport vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xorijiy fuqarolarning o‘z yoki uchinchi mamlakatga qaytishi uchun xarid qilingan “Uzbekistan Airways” AJning aviachiptasi mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning qaytib ketishi uchun tegishli reyslarini qo‘shimcha mablag‘ undirmagan holda tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xalqaro aviatashuvlar joriy yilning 16 martidan boshlab to‘xtatilgan edi. O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 20 martdagi qarori binoan transportning barcha turlarida xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish joriy yilning may oyigacha to‘xtatildi.
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan xorijiy mamlakat fuqarolarining viza muddati joriy yilning 10 apreligacha avtomatik tarzda uzaytirilishi xabar qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 41 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi