Bojxonadan gapiramiz: O‘zbekistonda koronavirus oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligiga sabab bo‘ladimi?
Jamiyat
−
19 mart 2020
7594Joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov koronavirus inshfeksiyaning mamlakat bo‘ylab tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekistonga va mamlakatdan xorijga amalga oshiriladigan barcha aviaqatnovlar bekor qilinishi, avtomobil orqali xalqaro yo‘lovchi tashish ham butkul taqiqlanishi haqida ma’lum qilgan edi. Bu xabardan so‘ng aholi orasida mamlakatga xorijdan keluvchi tovarlar, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar taqchilligi kuzatilishi haqida gap-so‘zlar bolaladi.
Shundan so‘ng, Davlat bojxona qo‘mitasi bu cheklovlar yuk tashuvchi transportlarga tegishli emasligi haqida ma’lum qildi. Biroq, ushbu masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida, QALAMPIR.UZ jamoasi Davlat bojxona qo‘mitasida bo‘lib, xalq orasida tug‘ilgan savollar bilan Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Kabulovga yuzlandi.
Kabulovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan transport aloqalarini to‘xtatganiga qaramay, yuk tashuvchi transport vositalari harakatiga cheklovlar qo‘yilmagan.
Rustam Kabulov: — O‘zbekiston Respublikasida 2020 yil 15 mart kuni Bosh vazir rahbarligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 16 martdan boshlab barcha davlatlar chegarasi orqali fuqarolar va yo‘lovchi tashuvchi transportlar harakati vaqtincha to‘xtatildi. Yuk tashishlar bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q. Yuk avtotransport vositalari haydovchilari, chegara postida xizmat olib borayotgan sanitariya-epidemiologiya markazi hodimlari tomonidan chuqur ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng, harakatini davom ettirmoqda. Temir yo‘l, daryo transporti va yuk tashuvchi samolyotlar bor. Ularda ham tovar oqimi to‘xtagani yo‘q. Eksport-import jarayoni va tranzit yuklar o‘tishiga ham cheklovlar qo‘yilmagan”, deydi Kabulov.
Jurnalist: — Oziq-ovqatlar orqali virus yuqtirib olish holatlari haqida gap-so‘zlar tarqalmoqda. Iste’mol tovarlar tekshiruvi qanday yo‘lga qo‘yilgan?
R.K.: — Har bir kelayotgan oziq-ovqat mahsulotlari tegishli davlat organi tomonidan sertifikatdan o‘tadi. Keyin uni bojxona rasmiylashtirib beradi. So‘ng u erkin muomalaga chiqariladi, undan keyin bozorga olib chiqib sotilishi mumkin. Albatta, sifat darajasi nazoratidan o‘tgan holda. Bojxonadan tekshirib o‘tkazildimi, demak bu mahsulotdan qo‘rqmaslik kerak.
J.: — Chegaradan mahsulotlarni olib o‘tishda qanday cheklovlar mavjud?
R.K.: — Iqtisodiyotimizning barcha jabhasida eksport qilinayotgan tovarlarga hech qanday cheklovlar yo‘q. Faqatgina, kasallik tarqalish davrida zarur bo‘lgan tibbiyot niqoblari va maxsus kombinezonlar eksporti vaqtincha to‘xtatildi. Chunki bu mahsulotlarga ichki bozorda ehtiyoj ortdi.
J.: — Hozirda dorixonalarda tibbiy niqoblar taqchilligi kuzatilmoqda. Yuqorida ta’kidlanganidek, ushbu mahsulotni eksport qilinishi to‘xtatilgan. Cheklovlarga qaramay, niqoblarni chet elga noqonuniy olib chiqish holatlari kuzatildimi?
R.K.: — Dunyo bozorida ushbu tovarga ehtiyoj paydo bo‘lgan. Mahsulot narxi ham ko‘tarilgan. Xalqimiz ehtiyojini qondirish maqsadida ushbu mahsulot eksporti to‘xtatilgan. Ammo shunga qaramay, tibbiy niqoblarni olib chiqib ketilishi yuzasidan urinishlar bo‘ldi. Bojxona xodimlari tomonidan bunday holatlar vaqtida aniqlanib, bartaraf etildi.
J.: — Kasallik sabab qo‘yilgan cheklovlar tovarlar aylanmasiga ta’sir o‘tkazdimi? Ochiqroq aytganda, pasayish bo‘ldimi?
R.K.: Biz buni tahlil qilib boryapmiz. Savdo aylanmasida kamayish holati sezilarli ravishda kuzatilmadi. Chunki hech bir davlat tovar eksport-importini cheklamadi. Bu – iqtisod. Bizda ishlab chiqarilayotgan tovarga boshqa davlatda ehtiyoj bor, boshqa davlatda ishlab chiqarilayotgan tovarga O‘zbekistonda ehtiyoj bor. Faqatgina, kasallik sabab fuqarolarga qo‘llanilayotgan ma’lum cheklovlar natijasida yanvar oyida Xitoydan kirayotgan tovarlar oqimida o‘zgarish kuzatildi. Bu holat tezda bartaraf etildi. Hozirda jarayon o‘z yo‘liga tushib ketgan.
Joriy yil boshidan O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 4,6 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Tegishli ravishda, 36 000 dan ortiq avtotransport vositalarida 671 ming tonna yuk kirib kelgan. Shuningdek, 72 000 dan ortiq temir yo‘l vagonlarida 3,5 million tonna tovarlar olib kelingan. Tovarlar oqimi to‘xtamaganini bu raqamlardan ham ko‘rish mumkin.
J.: — Xorijdan mamlakatga kirayotgan fuqarolar tekshiruvlari qanday o‘tkazilmoqda?
R.K.: — O‘zbekiston fuqarosi Vataniga qaytsa, xech qanday cheklovlarsiz kirib keladi. Lekin, chet el fuqarolarining kirishiga cheklovlar bor. O‘zbekistondagi chet el fuqarosi mamlakatdan bemalol chiqib keta oladi. Mamlakatga keladigan har bir O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi xodimlari tomonidan tekshiruvdan o‘tadi. Ularning tana harorati o‘lchanib, oxirgi kunlarda o‘zini qanday his qilayotgani haqida savol-javob uyushtiriladi. Fuqaroning holati qoniqarli bo‘lsa, mamlakatga kiritiladi. Agarda biror shubhali holat aniqlansa, ular izolatsiyaga olinadi. So‘ngra, tibbiyot xodimlari tomonidan shifoxonaga olib ketiladi.
Tahr.: Yuqoridagi suhbatdan ko‘rinib turibdiki, mamlakatda koronavirus sabab xech qanday tovar va mahsulot taqchilligi kuzatilmaydi. Yuk tashish bo‘yicha chegaralararo transport harakatlarida cheklovlar mavjud emas va u doimgidek davom etmoqda. Shuningdek, aholi o‘rtasida bu masalada vahimaga asos yo‘q.
LiveBarchasi