Taksichilik bozorining hajmi salkam 6 trln so‘mga yetdi
Jamiyat
−
11:11
17632024 yilda O‘zbekistonda taksi bozorining hajmi 5,89 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining taksi bozorini qonuniylashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida taqdim etgan hisoboti keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, bir qatnov uchun o‘rtacha to‘lov 18 ming 456 so‘mni tashkil qildi. Soliq organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan taksi agregatorlari soni o‘tgan yilning aprel oyida 6 ta, avgust oyida 142 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yil oxiriga kelib ularning soni 155 taga yetdi.
Ushbu vaqt ichida 319 million 57 ming 965 marta yo‘lovchi tashish amalga oshirilgan. Yo‘lovchi tashish aylanmasi 5,9 trillion so‘mga yetgan. Ularning qariyb 4,5 trillion so‘mi (76,3 foizi) naqd pul, 1,4 trillion so‘mi (23,7 foizi) karta orqali to‘langan.
Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 498 mingga yaqin o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar shug‘ullanmoqda. Haydovchilarning yarmidan ko‘pi (57 foiz) 30-50 yoshda – 283 ming 680 kishi, 30 yoshgacha – 179 ming 245 kishi (36 foiz), 50 yoshdan kattalar – 35 ming 4 kishi (7 foiz).
Shundan ayol haydovchilar soni deyarli 4 barobarga oshgan: o‘tgan yil boshida 1053 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib 4 124 nafarga yetgan.
Yil davomida taksi xizmatini ko‘rsatgan 4,7 mingga yaqin haydovchi 100 million so‘mdan ortiq daromad olgan. Shuningdek:
- 50-100 million so‘m – 23,1 ming haydovchi;
- 10-50 million so‘m – 114,6 ming haydovchi;
- 5-10 million so‘m – 63,5 ming haydovchi;
- 1-5 million so‘m – 136,4 ming haydovchi;
- 1 million so‘mgacha – 155,5 ming haydovchi.
Yo‘lovchilar asosan Nexia (17,8 foiz), Cobalt (16,9 foiz), Lacetti (13,9 foiz), Spark (10,7 foiz) va Matiz (7,9 foiz) avtomashinalarida tashiladi. Safarlarning katta qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi – 51,6 foiz. Shuningdek, Samarqand viloyatida – 7,65 foiz, Farg‘ona viloyatida – 7,56 foiz, Buxoro viloyatida – 6 foiz, Andijon viloyatida – 5,74 foiz va Qoraqalpog‘istonda – 5 foiz.
2024 yilda taksi agregatorlari tomonidan 156,8 milliard so‘m soliq to‘langan bo‘lsa, shundan 66,2 milliard so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar