Pekindan qaytgan 250 nafar fuqaroda koronavirus aniqlanmadi
Jamiyat
−
05 fevral 2020
6802Avvalroq, O‘zbekiston 250 nafar fuqarosini koronavirus tarqalgan Xitoydan ortga qaytargani haqida xabar bergan edik. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Xitoy Xalq Respublikasidan charter reyslar orqali olib kelinadigan fuqarolar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, birlamchi tekshiruvlarda ularning hech birida koronavirus alomatlari aniqlanmadi.
“Xitoydan olib kelingan vatandoshlarimiz koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta’minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasasiga joylashtiriladi”, deyiladi agentlik xabarida.
Maxsus tayyorlangan muassasalarda barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, o‘rin-joylar, oziq-ovqatlar, zarur dori-darmonlar, diagnostika, dezinfeksiya va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan.
Fuqarolarning barchasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra 14 kun davomida (kasallikning yashirin davri davomida) laboratoriya va tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlarga Sog‘liqni saqlash vazirligidan sohaning yetkachi mutaxassislari jalb etilgan, ular tegishli tartibda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.
Fuqarolar yaqinlari bilan telefon orqali audio-video muloqot olib borish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.
Virusdan halok bo‘lganlar soni 492 nafarga, u bilan kasallanganlar soni 24552 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.
LiveBarchasi