Xitoyda 40 yil ichida ilk bor pensiya yoshi oshiriladi
Olam
−
13 Sentabr
10859Demografik muammolar tufayli Xitoy 40 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta pensiya yoshini oshirmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Butunxitoy xalq vakillari kengashi (parlament) doimiy qo‘mitasi mamlakat aholisining pensiya yoshini bir necha yilga oshirishga qaror qildi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab 15 yil davomida pensiya yoshi erkaklar uchun 60 yoshdan 63 yoshgacha, zavodda ishlovchi ayollar uchun 50 yoshdan 55 yoshgacha va davlat xizmatidagi ayollar uchun 55 yoshdan 58 yoshga ko‘tariladi. Ta’kidlanishicha, ushbu chora Xitoyning demografik rivojlanishidagi yangi vaziyatga moslashuvni ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, 2030 yildan boshlab ishchilar pensiya to‘lovlarini olish huquqiga ega bo‘lishlari uchun pensiya hisobvaraqlariga ko‘proq pul o‘tkazishlari kerak bo‘ladi – 15 emas, 20 yil.
Bu harakat ishchi kuchining pasayishini sekinlashtirishi va dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga og‘irlik qilayotgan pensiya yukini yengillashtirishi kerak, ammo iqtisodiyot sekinlashgani sababli aholining noroziligini oshirish xavfi mavjud. Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida allaqachon g‘azab kuchaygan.
Ma’lumot uchun, XX asrning 70 yillaridan boshlab Xitoy hukumati “bir oila, bir bola” siyosatini olib bordi, biroq tug‘ilish darajasining tez pasayishi va aholining qarishi tufayli rasmiylar cheklovlarni yumshatishga majbur bo‘ldi. 2022 yilda mamlakat aholisi so‘nggi oltmish yil ichida birinchi marta kamayishni boshladi. Taxminlarga ko‘ra, 2035 yilga kelib Xitoyda 60 yoshdan oshgan fuqarolar ulushi 30 foizdan ko‘proq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijliklarga Xitoydan bola asrab olish taqiqlanishi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi