Xitoy yana Eron-Saudiya uchrashuviga mezbonlik qildi

Olam

image

Bugun, 6 aprel kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyn Pekinda saudiyalik mavqedoshi Faysal bin Farxon bilan uchrashdi. U muzokaralar natijalariga ijobiy baho berdi. Bu haqda Eron diplomatiyasi rahbari Twitter’dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Husayn Amir Abdullohiynning yozishicha, uchrashuvda Tehron va Ar-Riyod o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar va rasmiy aloqalarni qayta tiklash, Haj va Umra, savdo-iqtisodiy hamkorlik, elchixonalar va konsulliklar faoliyatini tiklash kabi masalalar kelishib olingan. Shuningdek, muzokaralarda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyotga e’tibor qaratilgan.

Muzokaralardan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma bayonotda ikki davlat o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olingani aytilgan. Shuningdek, Saudiya Tashqi ishlar vaziri eronlik mavqedoshini Ar-Riyodga taklif qilgan.

Ta’kidlash joizki, Husayn Amir Abdullohiynning Faysal bin Farxon bilan bugungi uchrashuvi ikki davlat Tashqi ishlar vazirlari orasida 7 yil ichida birinchi bor sodir bo‘layotgan voqeadir. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy vositachiligida Eron va Saudiya Arabistoni o‘zaro aloqalarni tiklagan hamda ikki oy ichida elchixonalarini qayta ochishga kelishib olingan edi. Keyinchalik  Saudiya qiroli Salmon bin Abdulaziz al Saud Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyni rasmiy tashrif bilan Ar-Riyodga kelishga taklif qilgandi. Eron Prezidenti ham taklifni qabul qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Saudiya Arabistoni Xitoy Pekin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing