Xitoy demografik inqirozga texnologik yechim topdi
Olam
−
14 fevral 5670 2 daqiqa
Xitoyda tug‘ilish darajasi tarixiy eng past ko‘rsatkichga tushib ketgan. Bu esa yaqin o‘n yilliklarda mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba berishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda. Mehnatga layoqatli aholi soni qisqarib, nafaqaxo‘rlar ulushi ortib borayotgan bir paytda, hukumat tomonidan joriy etilgan pul rag‘batlari, soliq imtiyozlari va nikohni yengillashtirishga qaratilgan choralar kutilgan natijani bermayapti. Bu haqda CNN xabar berdi.
Shu bois Pekin muammoning boshqa yechimini – robototexnika va avtomatlashtirishni faol rivojlantirishni tanlamoqda. So‘nggi yillarda XXR rahbariyati ishlab chiqarish sohasini yuqori texnologiyali va o‘z-o‘zini ta’minlay oladigan tizimga aylantirishni maqsad qilgan. Endilikda bu strategiya demografik inqirozning iqtisodiy oqibatlarini yumshatish vositasi sifatida ham ko‘rilmoqda.
Bugungi kunda Xitoy sanoat robotlari bo‘yicha dunyodagi eng yirik bozorga aylangan. Zavodlarda payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlari tobora ko‘proq robotlar zimmasiga o‘tmoqda. Hatto, “qorong‘i fabrikalar” – deyarli inson ishtirokisiz ishlaydigan korxonalar ham paydo bo‘lgan. Aynan yuqori avtomatlashtirish darajasi Pekinga elektromobillar va quyosh panellarini arzon va katta hajmda ishlab chiqarish imkonini bermoqda.
Rasmiylar nafaqat zavodlar, balki ijtimoiy sohada ham robotlardan foydalanishni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Aholining 60 yoshdan oshgan qatlami tez sur’atlarda ortib borayotgan bir paytda, gumanoid robotlar va sun’iy intellekt asosidagi tizimlar keksalarga parvarish xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘llanishi mumkin. Bu ayniqsa, “bir farzand” siyosati oqibatida ota-onasiga yakka o‘zi qarashga majbur bo‘layotgan avlod uchun dolzarb masalaga aylangan.
Shu bilan birga, texnologik sakrash qisqa muddatda yangi muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Mutaxassislar fikricha, avtomatlashtirish ishlab chiqarish samaradorligini oshirsa-da, ayrim tarmoqlarda ish o‘rinlarining qisqarishiga olib keladi. Bu esa qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini kengaytirishni, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlashni talab etadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, robotlar va SI demografik pasayish oqibatlarini to‘liq bartaraf eta olmaydi, biroq iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishda muhim omil bo‘lishi mumkin. Tug‘ilish darajasi pastligining salbiy ta’siri darhol emas, balki bosqichma-bosqich seziladi. Shu bois Xitoy oldida demografik o‘zgarishlarga moslashish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun hali vaqt bor, ammo bu murakkab va uzoq muddatli jarayon bo‘lib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq 2025 yilda Xitoy aholisi ketma-ket to‘rtinchi yil keskin kamayib, tug‘ilish rekord darajada pastlagani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, o‘tgan yilda mamlakat aholisi 3,39 million kishiga ozayib, 1 mlrd 405 millionga tushgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 1,39 million kishiga kamayishdan ancha yuqori.
Musulmon Sodiq
Live
Barchasi