Rossiyada benzin tanqisligi inqirozning eng yuqori nuqtasiga qaytmoqda
Olam
−
15 avgust 1451 2 daqiqa
Rossiyada hokimiyat organlari yoqilg‘i bilan bog‘liq vaziyat normallashayotganiga ishontirmoqda, ammo shoxobchalarda navbatlar yana ortib boryapti, ko‘plab AYOQSHlarda (hatto Moskva viloyatida ham) benzin yo‘q, hududlar esa uni sotishga cheklovlarni qaytarmoqda. Bu haqda Energetika va moliya instituti (IEF) tahliliga tayanib, “The Moscow Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, IEF vaziyatni yirik chakana banklar, eng avvalo, katalogida 29,8 ming AYOQSH bo‘lgan “Sber”ning yoqilg‘i kartalari bo‘yicha operatsiyalari ma’lumotlari asosida baholaydi.
“Bank karta orqali to‘lovni qayd etadi. Agar yoqilg‘i quyilgan bo‘lsa, “yoqilg‘i bor” maqomi beriladi”, deya tushuntiradi IEF.
Agar shoxobchada yoqilg‘i yo‘qligi aniq bo‘lsa yoki u yopiq bo‘lsa, “yoqilg‘i yo‘q”, agar tegishli to‘lov bo‘lmagan bo‘lsa, “ma’lumot yo‘q” maqomi beriladi.
“Sber” AYOQSHlarni “yoqilg‘i yo‘q” deb deyarli belgilamaydi, uning asosiy ko‘rsatkichi – signal berayotgan AYOQSHlarning qancha ulushi aniq “yoqilg‘i bor” maqomisiz qolayotganidir”, deb qayd etadi IEF.
14 avgust holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 37,3 foizni tashkil etgan. Oldinroq, inqirozning eng yuqori nuqtasida (IEF hisob-kitoblari o‘shanda boshlangan) u 33 foiz atrofida bo‘lgan.
Eng yomon vaziyat Yakutiya va Shimoliy Osetiyada – u yerdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarining yarmida “yoqilg‘i bor” deb ishonch bilan aytib bo‘lmaydi. “Sber” ma’lumotlariga ko‘ra, eng muammoli hududlar qatoriga Shimoliy Kavkazning boshqa respublikalari, Qalmog‘iston va Mordoviya, Astraxan va Kurgan viloyatlari kiradi: ularning barchasida ko‘rsatkichlar 43 foizdan oshadi. AI-95 hamma joyda AI-92 ga qaraganda sezilarli darajada tanqisroq.
Kavkazda “muammoli” shoxobchalarning yuqori ulushi ko‘pincha yoqilg‘ining ommaviy jismoniy tanqisligini emas, balki kartalar orqali amaliyotlar izining kuchsizligini aks ettiradi. Biroq ushbu “kun sayin takrorlanadigan va solishtiriladigan indikator”ning o‘zgarishi umumiy vaziyatni aks ettiradi, deb hisoblaydi institut.
Mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak “zaif” hududlarni yoqilg‘i bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni topshirgan. Hukumat 14 avgust kuni Orenburg, Lipetsk, Tver va Oryol viloyatlari, Tuva, Krasnodar o‘lkasi, Xakasiya, Zabaykale, Primore va Krasnoyarsk o‘lkalaridagi vaziyatni o‘rganib chiqqan.
IEF tahlil qilayotgan boshqa banklarning ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, “barqarorlashuv” amalda “yuqori darajadagi turg‘unlik” bo‘lib chiqqan. Yoqilg‘i tanqisligi ko‘pchilik uchun “yangi me’yor”ga aylangan.
Live
Barchasi