Xitoy aholisi keskin kamayib bormoqda 

Olam

image

2025 yilda Xitoy aholisi ketma-ket to‘rtinchi yil keskin kamaygan, tug‘ilish esa rekord darajada pastlagan. Mutaxassislar aholi kamayishining davom etishidan ogohlantirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.  

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda mamlakat aholisi 3,39 million kishiga kamayib, 1 mlrd 405 millionga tushgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 1,39 million kishiga kamayishdan ancha yuqori. Shu bilan birga, 2025 yilda tug‘ilgan chaqaloqlar soni 7,92 million bo‘lib, 2024 yilgi 9,54 milliondan 17 foizga kamaygan. Xitoy Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘limlar soni 11,31 millionga yetib, 2024 yildagi 10,93 milliondan oshgan. 

Tug‘ilish darajasi 2025 yilda har ming kishiga 5,63 bo‘lib, tarixdagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Viskonsin-Madison universiteti mutaxassisi, demograf I.Fusyanning aytishicha, 2025 yildagi tug‘ilishlar soni 1738 yildagi darajaga o‘xshash, o‘sha paytda Xitoy aholisi atigi 150 million atrofida bo‘lgan. O‘lim darajasi esa 2025 yilda har 1 000 kishiga 8,04 bo‘lib, 1968 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan. 

Qayd etish joiz, Xitoy aholisi 2022 yildan beri kamayib bormoqda va tez qarimoqda. Bu Pekinning ichki iste’molni oshirish va qarzlarni nazorat qilish rejasini murakkablashtirmoqda. 60 yoshdan oshganlar soni jami aholining 23 foizini tashkil qilmoqda. 2035 yilda bu ko‘rsatkich 400 millionga yetadi – bu AQSH va Italiya aholisiga teng bo‘ladi, ya’ni millionlab insonlar ishchi kuchidan chiqadi, pensiya byudjeti esa allaqachon qiyin ahvolda. 

Xitoy allaqachon pensiya yoshini oshirgan: erkaklar 63 yoshgacha ishlashi kerak, ayollar esa 58 yoshgacha ishlaydi. 

2024 yilda Xitoyda nikohlar soni 20 foizga kamayib, rekord darajada pasayish qayd etilgan: 6,1 million juft nikoh qayd etilgan, 2023 yilda esa 7,68 million bo‘lgan. Nikohlar soni odatda tug‘ilishlar darajasi ko‘rsatkichiga ta’sir qiladi. 

Hukumat, shuningdek, nikoh va farzandlikka ijobiy qarashlarni targ‘ib qilishga harakat qilmoqda. Bu siyosat 1980–2015 yillar davomida amal qilgan bir-bola siyosatining ta’sirini kamaytirish uchun mo‘ljallangan, u kambag‘allikni kamaytirishga yordam bergan, lekin Xitoy oilalari va jamiyatini qayta shakllantirgan. 

Ma’lum qilinishicha, hukumat 2026 yilda tug‘ilishlarni ko‘paytirishga taxminan 180 milliard yuan (25,8 milliard dollar) sarflashni rejalashtirmoqda. Asosiy xarajatlar:

Milliy bolalar subsidiyasi (2025 yilda birinchi marta joriy etilgan);

Homiladorlik davrida ayollarning barcha tibbiy xarajatlari.

Xitoy dunyodagi eng past tug‘ilish darajasiga ega mamlakat hisoblanadi (ayol boshiga taxminan 1 bola). Boshqa Sharqiy Osiyo davlatlari, jumladan, Tayvan, Janubiy Koreya va Singapurda ham shunday past darajalar kuzatiladi (1,1 bola/ayol).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda Fransiyada ham Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri ilk bor o‘limlar soni tug‘ilishlar sonidan ko‘paygani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy aholisi keskin kamaygan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing