Keyingi nishon – Sheroz. Isroil Eronga yangi zarbalar yo‘lladi
Olam
−
13 iyun 9080 2 daqiqa
Bugun, 13 iyun kuni Isroil Eron shimoli-g‘arbiga yangi va keng ko‘lamli zarbalar berdi. Bu haqda “Israel info” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu hujumlar dronlar yordamida amalga oshirilgan. Tabriz aeroporti yaqinidagi temiryo‘l inshootlariga zarar yetgan, bu hududda havo mudofaa bazalari joylashgan.
Isroil mudofaa armiyasi yangi zarbalar fonida Sherozdagi hujumlarni tasdiqlagan. Bu yerda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining shtab-kvartirasi, raketa ishlab chiqarish zavodi va tayyor mahsulotlar ombori joylashgan.
“Al-Mayadeen” telekanalining xabariga ko‘ra, hujum joyida qurbonlar mavjud. Eron g‘arbida ham hujumlar ro‘y bergani aytilmoqda.
Isroil ham o‘z navbatida Eronning hujumlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Isroil harbiy-havo kuchlari Eron tomonidan uchirilgan dronlarni ushlash bo‘yicha amaliyotlar davom etayotganini bildirgan.
Eron ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, Isroil yana bir bor Natanzdagi yadroviy ob’ektga zarba bergan.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qilib, “sionistik tuzum hali o‘z harakatlaridan afsuslanadi”, deya bayonot bergan.
Isroil hujumlarining yangi to‘lqini Eron havo hududi yopilgan vaqtda sodir bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning “yadroviy dasturiga qarshi” zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, operatsiyaning maqsadi “Eron yadroviy infratuzilmasiga, ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga va harbiy salohiyatiga zarar yetkazish” bo‘lgan.
Hujum oqibatida Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy halok bo‘ldi. IRNA va “Tasnim” axborot agentliklari xabariga ko‘ra, shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari Fereydun Abbosiy va Islomiy Ozod universiteti prezidenti Muhammad Mehdi Tehronchiy ham vafot etgan.
Eronning davlat IRIB telekanali ham Natanzdagi yadroviy dastur uchun muhim bo‘lgan ob’ektlarda bir nechta portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.
Eron hukumati esa Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob berishini ma’lum qildi.
O‘zbekistonning Eron va Isroildagi elchixonalari ushbu mamlakatlardagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqib, qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarga tegishli murojaat bilan chiqdi.
Live
Barchasi