Ketishini aytgan AQSH Afg‘onistonga harbiy samolyotlar yubordi
Olam
−
08 avgust 2021
16402Amerika Qo‘shma Shtatlari “Tolibon” harakatiga qarshi kurashish uchun Afg‘onistonga “B-52 Stratofortress” bombardimonchilarini yubordi. Bu haqda “The Times” gazetasi AQSH Mudofaa vazirligidagi manbalariga tayanib yozmoqda.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston tomon uchgan bombardimonchilar AQSHning Qatardagi Al-Udeid aviabazasidan havoga ko‘tarilgan. Ularning soni noma’lum.
“Samolyotlar Qandahor, Hirot, Lashkargoh provinsiyalari yaqinidagi hamda Helmanddagi nishonlarga hujum qilgan. AQSH, shuningdek, “AC-130 Spectre” samolyotlari va “MQ-9 Reaper” jangovar uchuvchisiz samolyotlaridan ham foydalangan”, deya yozadi nashr.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden mamlakat qo‘shinlari joriy yilning 31 avgustiga qadar Afg‘onistonni tark etishini aytgan. Ani vaqtda rasmiy Vashington Ag‘onistondan qariyb 90 foiz qo‘shinini olib chiqib ketishga ulgurgan. Qayd etish kerakki, AQSH kecha, 7 avgust kuni Afg‘onistondagi fuqarolaridan mamlakatni zudlik bilan tark etishni so‘ragan edi.
Ma’lumot uchun, hozirda Afg‘onistonda hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida harbiy harakatlar ketyapti. Kimning qo‘li baland kelishi borasida bir aniq bashorat berish qiyin. Chunki O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisidan har kuni turli xil xabarlar kelmoqda.
Bir safar toliblar Afg‘onistonning biror tumanini egallagani aytilsa, boshqa safar hukumat kuchlari harakat a’zolarining bir qancha jangarilarini yo‘q qilganini aytmoqda. Jumladan, Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari bir sutkada “Tolibon” harakatining 450 dan ortiq jangarasini yo‘q qilgani haqida xabar bergan bo‘lsa, iyul oyi oxirida harakatning bir necha qo‘mondonlari hibsga olingani aytilgandi. Shu o‘rinda, mamlakatni tark etayotgan AQSHning urinishlarini esdan chiqarmaslik kerak. Amerika Havo kuchlari bir necha marta toliblarni havodan o‘qqa tutib, “Tolibon”ni faol harbiy harakatlar olib bormaslikka chaqirdi. O‘z navbatida, rasmiy Qobul “Tolibon” bilan tinchlik o‘rnatishga rozi ekanini ma’lum qilgan.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi