Keksalar uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi mumkin
Jamiyat
−
17:28 547 2 daqiqa
O‘zbekistonda 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 15 sentyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Aholi farovonligini ta’minlash va pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning kelgusida pensiya ta’minoti hamda davlat ijtimoiy sug‘urtasidan foydalanishini kafolatlash maqsadida ijtimoiy soliqni qat’iy belgilangan tartibda to‘lash tizimi joriy etiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ijtimoiy soliqni yil davomida bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.
Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan to‘langan ijtimoiy soliqning 10 foiz qismi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltirilib, o‘rnatilgan tartibda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan to‘lab beriladi.
Shu bilan birga 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etiladi.
Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda oila a’zolarining maqomini belgilashda 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklardan rasmiy daromad talab etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2028 yil 1 yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borgan holda 2039 yilda erkaklar uchun 63 yoshga va ayollar uchun 58 yoshga yetkazish va pensiya hisoblanadigan ish haqi davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi