“Keb qoling, ob qoling”. Japarov yana 15 ta pansionat ijaraga berilishini aytdi
Olam
−
29 avgust 2023
8421Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Issiqko‘lda yana 15 ta davlat pansionati 49 yilga ijaraga berilishini ma’lum qildi. Bu haqda u Facebook'dagi sahifasida yozgan.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu ob’ektlar uzoq vaqtdan beri qarovsiz qoldirilgan yoki ularga yetarlicha e’tibor berilmagan.
“Mana shu pansionatlarni olib, sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan mahalliy boylar va xorijiy investorlarni chaqiraman. Keling, oling. Qisqa vaqt ichida sarmoyani qoplaysiz, deb ayta olmayman. Lekin ishonamanki, 49 yil ichida ushbu biznes uch-to‘rt marta o‘zini oqlaydi”, deydi Prezident.
Shuningdek, u nega bu binolarni davlat byudjeti hisobidan ta’mirlab bo‘lmasligiga tushuntirish bergan.
“Xudoga shukr, pul bor. Biz qanday ish olib borayotganimizni o‘zingiz ko‘rasiz. Davlat pullarini uzoq muddatda o‘zini oqlaydigan biznesga investitsiya qilish maqsadga muvofiq emas. Biz hamma narsani hisoblab chiqdik, shuning uchun biz sarmoya kiritmaymiz”, deb yozgan u.
Sadir Japarovning aytishicha, taklifga qiziquvchilar Davlat mulkini boshqarish davlat agentligiga murojaat qilishlari mumkin.
“Asosiy shartlar: pansionat olgandan keyin darhol sarmoya kiritishlari kerak. Uch yulduzdan yuqori mehmonxonalar va kottejlar qurilishi kerak. Agar pulingiz bo‘lsa, ikki yildan keyin ularni hashamatli pansionatga aylantira olasiz. Ob’ektlarni oddiygina besh yildan o‘n yilgacha saqlash va hech narsa qurmaslik mumkin emas, chunki ular 49 yilga ijaraga olingan. Sublizing taqiqlangan”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonning Issiqko‘l sohilida joylashgan “Dilorom”, “Zolotiye peski”, “Rohat” va “Bo‘ston” pansionatlari 49 yil davomida O‘zbekiston tasarrufiga o‘tdi. Mazkur 4 ta pansionat SSSR parchalanganidan keyin O‘zbekiston tomonining mulki bo‘lib qolgan, biroq 2016 yil aprelida davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgani fonida Temir Sariyev boshchiligidagi hukumat ob’ektlarni milliylashtirgan. Dam olish maskanlarining nomlari qirg‘iz tiliga tarjima qilinib, “Rohat” – “Oltin-Jay ”, “Dilorom” – “Enesay”, “Zolotiye peski” – “Bosteri” deb o‘zgartirilgan. Ammo “Bo‘ston” pansionatining nomi o‘zgarishsiz qolgan. O‘zbekiston bu qarorga javoban xalqaro arbitrajga da’vo arizasi kiritgan edi.
LiveBarchasi