Japarov Qirg‘izistondagi pansionatlar nega O‘zbekistonga berilayotganini izohladi

Olam

image

Avvalroq, Qirg‘izistondagi to‘rtta pansionat O‘zbekiston ixtiyoriga o‘tkazilishi aytilgandi. Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov bunday qaror qabul qilinishiga Bishkekning xalqaro sud qarori bilan O‘zbekiston tomoniga 40 million dollardan ortiq pul to‘lay olmagani sabab bo‘lganini aytdi. Bu haqda u “Kabar” agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Joriy yilning may oyida sud qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonga 40 million dollardan ko‘proq to‘lashi kerak. Biz O‘zbekiston bilan muzokaralar olib borib, ob’ektlarni 49 yil ijaraga berishga kelishib oldik”, degan Qirg‘iziston Prezidenti.

Shuningdek, Japarov Qirg‘iziston hukumatining 2016 yilda Issiqko‘l viloyatida joylashgan “Rohat”, “Zolotiye peski”, “Bo‘ston” va “Dilorom” pansionatlarini O‘zbekistondan tortib olish to‘g‘risidagi qarorini populistik deb atagan.

“O‘shanda arxiv hujjatlarini o‘rganish va bu ob’ektlarning kelajagi haqida o‘ylash kerak edi. Agar xalqaro sudda bunday harakat bilan yutqazmasligimiz uchun kafolatlar bo‘lsa, bu maqsadga muvofiq bo‘lardi”, deya tushuntirgan Prezident.

Unga ko‘ra, 2016 yilda O‘zbekiston Vashingtondagi xalqaro sudga 65 million dollar tovon to‘lash talabi bilan murojaat qilgan. 2017 yilda o‘sha paytdagi Qirg‘iziston bosh vaziri Sapar Isoqov O‘zbekiston tomoniga maktub yo‘llab, muammoni tinch yo‘l bilan hal etish, to‘rtta pansionatni qaytarish masalasini ishlab chiqish va da’voni qaytarib olishni taklif qilgan. Ammo rasmiy Toshkent da’volaridan voz kechmagan va yakunda sudda g‘alaba qozongan.

Joriy yilning 8 avgustida e’lon qilingan Global Arbitaj Review hisobotiga ko‘ra, rasmiy Bishkek AQSH sudiga investitsiya mojarolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazning Qirg‘iziston Issiqko‘l qirg‘oqlarida joylashgan to‘rtta pansionatni milliylashtirgani munosabati bilan O‘zbekistondagi investorlarga 33 million dollar to‘lashi haqidagi qarorini bekor qilish talabi bilan murojaat qilgan. 

Japarovning ta’kidlashicha, pansionatlar yaroqsiz va Qirg‘iziston ko‘tara olmaydigan katta sarmoyalarni talab qiladi

“Agar siz ushbu to‘rtta pansionatni sotmoqchi bo‘lsangiz, hech kim ularni, 40 million dollar u yog‘da tursin, 4 million dollarga ham olmaydi. Mayli, atigi 5-10 yilga ijaraga bersa bo‘lardi, deyish esa jaholat. Chunki to‘rt-besh yulduzli mehmonxonalarni qurishning o‘ziga 5-10 yil ketadi. Hech bir davlat o‘z investitsiyalarini to‘lash kafolati bo‘lmasa, katta mablag‘ kiritishga rozi bo‘lmaydi”, degan Qirg‘iziston rahbari.

Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish agentligining aniqlik kiritishicha, qurilayotgan “Zolotiye peski”, “Dilorom”, “Rohat” pansionatlari hamda “Bo‘ston” ob’ekti o‘zbekistonlik investorlarga uzoq muddatli foydalanish uchun 49 yilga, yer uchastkalari esa ijara asosida o‘tkazilmoqda.  Buning evaziga investorlar ob’ektlarni rekonstruksiya qiladi va ularni uch yoki to‘rt yulduzli darajaga olib chiqadi. Pansionat xodimlarining kamida 80 foizi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lishi kerak.

Bunda:

  • “Zolotiye peski” pansionati “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga;
  • “Dilorom” pansionati – “Asakabank” aksiyadorlik jamiyatiga;
  • “Rohat” pansionati – “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki” aksiyadorlik jamiyatiga;
  • qurilishi tugallanmagan “Bo‘ston” ob’ekti esa – “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik jamiyatiga beriladi.

Har bir ob’ekt uchun taxminiy sarmoya miqdori 15-20 million dollarni tashkil qiladi.

“Pansionatlarni rekonstruksiya qilish loyihalari ularning xalqaro standartlar asosida to‘liq va samarali ishlashini ta’minlash, tozalash inshootlarini ta’mirlash, shuningdek, respublika va mahalliy byudjetlarga soliq tushumlarini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, turistlar oqimini va undan keladigan daromadlarni sezilarli darajada oshirish imkonini beradi”, deyiladi agentlik bayonotida.

Tashkilot prognozlariga ko‘ra, soliq tushumlari hajmi yiliga 130 million qirg‘iz somidan (taxminan 1,5 million dollar) oshadi, har bir ob’ektda 200 ga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi. Mahalliy tadbirkorlar pansionatlar hududida kafe, restoranlar, kinoteatrlar va boshqa tadbirkorlik xizmatlarini ochish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Issiqko‘lda o‘zbek pansionatlari 1960 yilning oxirida SSSR Vazirlar Soveti bu ko‘lni Butunittifoq kurorti deb e’lon qilganidan keyin paydo bo‘lgan. Qirg‘iziston SSRda pansionatlar qurish uchun mablag‘ yo‘qligi sababli boshqa ittifoq respublikalarining kasaba uyushmalari chaqirilgan. Natijada qo‘shni davlatlar – O‘zbekiston va Qozog‘iston Issiqko‘lda pansionatlar qurgan.

SSSR parchalanganidan keyin bu mulkni bo‘lish boshlangan. 1992 yilda tomonlar pansionatlar Qirg‘iziston mulkiga o‘tishi, ammo MDHning boshqa davlatlari yuridik shaxslari ulardan foydalanishi mumkinligi haqida kelishib olgan. Ya’ni Qirg‘iziston bu pansionatlar uchun ijara haqi ola boshlagan.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston bilan “KazGU” sport-sog‘lomlashtirish oromgohi, “Olimp” sport-sog‘lomlashtirish markazi, “Samal” dam olish uyi va “Qozog‘iston” sanatoriysi bo‘yicha ham hukumatlararo kelishuvlar mavjud. Yaqin kelajakda Qozog‘iston tomoni o‘z ob’ektlarini rivojlantirish uchun sarmoya jalb etishni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Sadir Japarov Bo'ston Zolotie peski Dilorom pansionati Rohat pansionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing