Qirg‘izistondagi 4 ta pansionat 49 yilga O‘zbekiston ixtiyoriga o‘tadi
Jamiyat
−
17 avgust 2023
29748Qirg‘izistondagi Issiqko‘l sohilida joylashgan “Dilorom”, “Zolotiye peski”, “Rohat” va “Bo‘ston” pansionatlari 49 yil davomida O‘zbekiston tasarrufida bo‘ladi. Bu haqda Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish agentligi direktori Kanatbek Turg‘unbekov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston pansionatlarning har biriga 15-20 million dollardan sarmoya kiritmoqchi. Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi mazkur binolar davlat mulki bo‘lib qolishini va investorga vaqtinchalik boshqaruvga berilishini ma’lum qilgan.
“Bu ishlaydigan joylar, 4−5 yulduzli mehmonxonalar. Hammamiz xursand bo‘lamiz. Kelib qurishsin”, degan Turg‘unbekov.
Mazkur 4 ta pansionat SSSR parchalanganidan keyin O‘zbekiston tomonining mulki bo‘lib qolgan, biroq 2016 yil aprelida davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgani fonida Temir Sariyev boshchiligidagi hukumat ob’ektlarni milliylashtirgan. Dam olish maskanlarining nomlari qirg‘iz tiliga tarjima qilinib, “Rohat” – “Oltin-Jay ”, “Dilorom” – “Enesay”, “Zolotiye peski” – “Bosteri” deb o‘zgartirilgan. Ammo “Bo‘ston” pansionatining nomi o‘zgarishsiz qolgan.
O‘zbekiston bu qarorga javoban xalqaro arbitrajga da’vo arizasi bergan.
2017 yilning dekabrida Sapar Isoqov boshchiligidagi Qirg‘iziston hukumati Bishkek to‘rtta pansionatni O‘zbekistonga berishga qaror qilgani, biroq yerni o‘zida saqlab qolayotgani haqida xabar bergan. Buning evaziga O‘zbekiston pansionatlarga sarmoya kiritishi va xalqaro arbitrajdan da’vosini qaytarib olishi kerak edi. Ammo 2019 yil 8 may kuni hukumat matbuot xizmati Sapar Isoqov va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuv imzolanmaganini aytgan.
2020 yilda Qirg‘iziston hukumati “Zolotiye peski”, “Rohat” va “Dilorom” davlat pansionatlarini xususiy mulkka o‘tkazish niyatida ekanligini ma’lum qilgan. 2022 yilning aprel oyida esa Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi sud jarayonlari davom etayotganini, biroq muzokaralar faollashganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi