Kaspiydagi fojia: halok bo‘lganlar orasida Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan bola bo‘lgan
Olam
−
20:24 2536 2 daqiqa
Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida Kaspiy dengizi sohilidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida halok bo‘lgan 14 nafar harbiy xizmatchining orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan harbiy xizmatchi ham borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Mang‘istau viloyatida harbiy mashg‘ulotlar vaqtida dengizga oqib ketib, halok bo‘lgan harbiylarning ro‘yxatini e’lon qilgan. Halok bo‘lgan harbiylarning aksariyati 2005–2007 yillarda tug‘ilgan, ya’ni ularning yoshi asosan 19–20 atrofida bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi Mang‘istau va G‘arbiy Qozog‘iston viloyatlaridan, shuningdek, Turkiston viloyatidan bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilardan biri – Olmos Yusuf o‘g‘li Kobenov bo‘lgan. U 2006 yil 23 yanvarda O‘zbekistonda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Olmos Kobenov Mang‘istau viloyatining Munayli tumani, Bayandi-3 qishlog‘ida yashagan.
Shuningdek, 2 nafar harbiy xizmatchi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bildirilishicha, ularning ikkisi ham 2007 yilda tug‘ilgan. Yana bir 19 yoshli harbiy xizmatchi og‘ir ahvolda Mang‘istau viloyati shifoxonasida davolanmoqda.
Mang‘istaudagi fojia
Kecha, 24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘quv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida Kaspiy dengizi sohilida meteorologik sharoitning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi sababli harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan.
Mudofaa vazirligi dastlabki ma’lumotlarida dengizga 19 nafar harbiy xizmatchi oqib ketganini bildirgan edi. O‘sha paytda 9 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani qayd etilgan. Keyinroq, Mang‘istau viloyati hokimligi dengizga oqib ketganlar soni 17 nafar ekanini ma’lum qildi.
Harbiy xizmatchilar halok bo‘lganidan so‘ng hukumat komissiyasi tuzilgan, hodisa joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev yuborilgan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va fojiani tergov qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Bundan tashqari hodisa ortidan mamlakat Mudofaa vazirligining 5 nafar mansabdor shaxsi qo‘lga olingan.
Oqtovda Shahar kuni munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirlari bekor qilingan. Qosim-Jomart To‘qayev 25 sentyabr kunini Qozog‘istonda umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev fojia munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qozog‘iston xalqiga hamdardlik yo‘lladi.