Karantin xarajatlari nega tadbirkorlarga yuklanyapti? Otabekov izoh berdi

Jamiyat

O‘zbekistonga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan mamlakatda karantin tadbirlari 1 avgustga qadar uzaytirildi.

Ushbu qarorda Karantin cheklovlari sharoitida faoliyat yuritishiga ruxsat berilgan tadbirkorlik sub’ektlariga (qurilish, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va b.) tegishli ob’ektlarda belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga rioya etmaslik oqibatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda ushbu ob’ektlarni va shaxslarni karantinga olish hamda saqlash bilan bog‘liq xarajatlar mazkur sub’ektlar hisobidan qoplanishi belgilandi.

Qarorning mana shu bandi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Shu sababdan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov qarorning mana shu bandi bo‘yicha izoh berdi.

“Hurmatli yurtdoshlar, aynan O‘zbekistonda karantin va cheklov tadbirlari amal qilish barobarida xalqimiz, ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlari juda jiddiy sabr-matonatni namoyish qila oldi. O‘zbekiston Respublikasi, qolaversa, Toshkent shahri karantin tadbirlariga rioya etish bo‘yicha juda yuqori reytingda bo‘lib turdi. Albatta, bularning barchasi keyinchalik epidemik vaziyatda o‘z aksini topdi. Natijada respublikada koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyatni jilovlash imkoniyati paydo bo‘ldi.

Endi bir tasavvur qilaylik, hozirga qadar aniqlangan bemorlar soni 5154 nafarni tashkil etyapti. Mana shu kasallikka chalinganlarni karantinda saqlash, davolash, reabilitatsiya bilan bog‘liq xarajatlarning barchasi davlatimiz byudjeti hisobidan qoplanyapti. Shu paytgacha bu xarajatlarning birortasi biror-bir tashkilot yoki tadbirkorlik sub’ektlari hisobidan qoplanmagan.

Qarorda belgilangan mazkur bandning aks etishidan asosiy maqsad shuki, “yashil” va “sariq” hududlarda joylashgan qurilish, umumiy ovqatlanish xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlari mas’uliyatni to‘liq his qilsin. Karantin tadbirlariga rioya etsin. Bu kabi tashkilotlar faoliyat ko‘rsatayotgan paytda albatta xodimlari doka niqobda bo‘lishini ta’minlasin. Umumiy ovqatlanish muassasalarida xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning qo‘lqopda va doka niqobda bo‘lishi ta’minlansin. Mijozlari oraliq masofa saqlashga rioya etishini nazorat qilsin. Har bir mijozdan keyin stol ustini dezinfeksion vositalar bilan ishlov berilsin.

Eng asosiy maqsadimiz — kasallikning bir odamdan ikkinchi odamga yuqishiga yo‘l qo‘ymaslik. Respublikada og‘ir mehnatlar evaziga jilovlangan epidemik vaziyatni murakkablashtirib yubormaslik, yana karantin va cheklov tadbirlarini keskin va qattiq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik”, dedi Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan mamlakatda poyezdlar qatnovi, qisman xalqaro parvozlar ham tiklandi. Shuningdek, bugun, 15 iyun kuni hududlardagi epidemik vaziyatni e’tiborga olgan holda tuman va shaharlarning “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalari o‘zgartirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

254

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing