Kara-Murza ishi tufayli to‘qqiz nafar rossiyalik “qora ro‘yxat”ga tushishi mumkin
Olam
−
30 may 2023
4928Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga Vladimir Kara-Murza ishi bo‘yicha tergovda ishtirok etgan to‘qqiz nafar rossiyalikni qo‘shishi mumkin. Bu haqda bugun, 30 may kuni YeI hujjati loyihasiga tayanib, “EU Observer” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ro‘yxatga Rossiya adliya vaziri o‘rinbosari Oleg Sviridenko, to‘rt nafar rossiyalik sudya, Kara-Murza saqlanayotgan qamoqxona rahbari va uch nafar amaldor kiritilgan. YeI vakillari ertaga, 31 may kuni Bryusselda ro‘yxatni muhokama qiladi.
Biroq Vengriya sanksiyalarga veto qo‘yishi mumkin. Chunki 17 may kuni Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto Vengriya bank guruhi OTP Ukrainaning "xalqaro urush homiylari" ro‘yxatidan chiqarilmagunicha, mamlakat Yevropa Tinchlik Jamg‘armasi va sanksiyalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok eta olmasligini aytgan. Aytilishicha, Vengriya Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ro‘yxatidagi kamida bir kishiga qarshi veto qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 aprel kuni Vladimir Kara-Murza davlatga xiyonat qilish, Rossiya armiyasi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish va nomaqbul tashkilotga rahbarlik qilishda ayblanib, 25 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilingandi. Mazkur hukmdan so‘ng Londondagi Rossiya elchisi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Shundan so‘ng, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Moskvadagi AQSH, Buyuk Britaniya va Kanada elchilarini Rossiya ichki ishlariga aralashganlik va diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyat vaji bilan chaqirtirdi. 20 aprel kuni esa Yevroparlament deputatlari Vladimir Kara-Murzani ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi.
LiveBarchasi