AQSH Qozog‘iston kompaniyasini “qora ro‘yxat”ga tiqdi

Olam

image

Qozog‘istonning “Tour Invest” kompaniyasi AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan cheklovlar joriy etilgan maxsus belgilangan fuqarolar va shaxslarning yangilangan ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Amerika Moliya vazirligi xabar berdi.

“Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan “Tour Invest” kompaniyasi “Mahan Air” aviakompaniyasining sotuvlar bo‘yicha bosh agenti sifatida ish olib borgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Mahan Air – bosh bazaviy aeroporti Tehronda joylashgan Eronning yirik xususiy aviakompaniyasi.

AQSH Moliya vazirligining qayd etishicha, “Tour Invest” Mahan Air aviakompaniyasiga uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sezilarli yordam ko‘rsatgani, homiylik qilgani va moliyaviy, moddiy yoxud texnologik yordam, shuningdek tovar yoki xizmatlar taqdim etgani uchun ro‘yxatga kiritilgan. Kompaniya ro‘yxatda ikkilamchi sanksiyalar xavfi munosabati bilan tilga olingan.

“Tour Invest” MCHJ turli manbalarda Eronning Mahan Air aviakompaniyasining Qozog‘istondagi bosh agenti sifatida tilga olinadi.

Qayd etish joiz, 2011 yildan buyon Mahan Air aviakompaniyasi AQSHning antiterror sanksiyalari ta’siri ostida bo‘lib kelmoqda. Vashington aviatashuvchini Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi uchun tranzit kanali bo‘lib xizmat qilayotganlikda, xususan, shaxsiy tarkib, qurol-yarog‘ va harbiy jihozlarni tashishda ayblamoqda. So‘nggi oylarda AQSH Moliya vazirligi mazkur aviakompaniyaga logistik va tijoriy yordam ko‘rsatayotgan kompaniyalarga qarshi choralarni kuchaytirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketi doirasida Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi United Trading Group kompaniyasiga nisbatan cheklovlar joriy qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing