Rossiya ham jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha “qora ro‘yxat”ga kirdi
Olam
−
10:39 1512 2 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qurolli mojarolar bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonliklar haqidagi yangi hisobotida Isroil ortidan Rossiyani ham bunday jinoyatlarda gumon qilinayotgan davlatlar ro‘yxatiga qo‘shdi. Bu haqda kecha, 29 may kuni BMT “Qurolli mojarolar bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik” haqidagi hisobotida e’lon qildi.
BMTning ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda G‘azo sektori va bosib olingan G‘arbiy Sohilda Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan falastinliklarga qarshi jinsiy zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Hisobotda 14 nafar erkak, 7 nafar ayol, 9 nafar o‘g‘il bola va 1 nafar qiz bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari tasdiqlangani aytilgan.
BMT maxsus vakili Pramila Pattenning ta’kidlashicha, Isroil tomoniga profilaktik choralar va javobgarlik bo‘yicha ma’lumot taqdim etish haqida bir necha bor murojaat qilingan, ammo mazmunli javob olinmagan.
Shuningdek, BMT Rossiyani ham Ukrainadagi urush davomida jinsiy zo‘ravonlik holatlari davom etayotgani sababli ro‘yxatga kiritdi. Hisobotda Rossiya harbiylari va xavfsizlik kuchlari tomonidan sodir etilgan 310 ta holat tasdiqlangani qayd etilgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda dunyo bo‘yicha qariyb 10 mingta mojaro bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik holati qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘pdir.
Bunday ro‘yxatga kiritish avtomatik ravishda sanksiyalar joriy etilishini anglatmaydi, ammo davlatning xalqaro nufuziga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, ro‘yxatda doimiy qolib kelayotgan tomonlar BMT tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok eta olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Isroilni jinsiy zo‘ravonlikni qo‘llaganlar “qora ro‘yxati”ga kiritganidan so‘ng, Tel-Aviv BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan aloqalarni to‘xtatganini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi