Britaniya Qirg‘iziston kompaniyalarini “qora ro‘yxat”ga tiqdi
Olam
−
21:51 320 2 daqiqa
Buyuk Britaniya “Rossiya sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun foydalanayotgan” 15 ta kompaniya va uch nafar jismoniy shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda Britaniya hukumatining press-reliziga tayanib, “24.kg” xabar berdi.
Yangi sanksiyalar paketi kriptovalyuta ayirboshlash shoxobchalari va “A7” tarmog‘iga qarshi qaratilgan. Forin-ofis (Britaniya Tashqi ishlar vazirligi) hisoblashicha, ushbu tarmoq mablag‘larni Rossiya harbiy iqtisodiyotiga yo‘naltirish uchun Qirg‘iziston moliya tizimlaridan foydalanadi. O‘tgan yil davomida mazkur tarmoq orqali 90 milliard dollar o‘tgan.
Rasmiy Londonning bayonotiga ko‘ra, “Yevroosiyo jamg‘arma banki” OAJ Rossiya hukumati uchun strategik jihatdan muhim bo‘lgan moliyaviy xizmatlar sektorida faoliyat yuritayotgan shaxslarga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatgani sababli cheklovlar ostiga tushgan. Bankka nisbatan eng qat’iy choralar paketi joriy etilgan: aktivlarni muzlatish va direktorlarning ishlashini taqiqlashdan tashqari, Britaniya tuzilmalariga ushbu bank bilan vakillik munosabatlariga kirishish va har qanday to‘lovlarni amalga oshirish taqiqlangan.
“Davlat brokerlik kompaniyasi” OAJ va “Emitent virtualnix aktivov” OAJ Britaniya rasmiylari tomonidan Rossiya hukumatidan manfaatdor bo‘lganlikda yoki iqtisodiy jihatdan muhim faoliyat orqali uni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblanmoqda. Ushbu tashkilotlar uchun aktivlarni muzlatish va trast xizmatlariga cheklovlar ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, “Emitent virtualnix aktivov”ga nisbatan maxsus internet-sanksiyalar joriy etilgan: Britaniya provayderlari, ijtimoiy tarmoqlari va ilovalar do‘konlari Buyuk Britaniya hududida foydalanuvchilarning ushbu tuzilma kontenti va servislariga kirishini cheklashga majbur.
Sanksiyalar ro‘yxatiga, shuningdek, Rossiyaga avval joriy etilgan cheklov va taqiqlarni aylanib o‘tishda ko‘maklashayotgan Gruziyaning uchta kompaniyasi ham kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan cheklovlarni aylanib o‘tishdagi shubhalar sababli, boshqa davlatlar kompaniyalari ham Yevropa Ittifoqi va AQSH sanksiyalariga duchor bo‘lmoqda. Xususan, Qirg‘izistonda bu holat bir nechta banklarga ham ta’sir qildi. Mamlakat rasmiylari Rossiya Federatsiyasiga cheklovlarni aylanib o‘tishda yordam bermayotganliklarini va qoidalarni buzayotgan tadbirkorlarga qarshi kurashayotganliklarini bildirmoqda. Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Adliya vazirligi sanksiya xavfi yuqori bo‘lgan operatsiyalarga aralashib qolgan 50 ta yuridik shaxsning faoliyatini bir vaqtning o‘zida tugatish to‘g‘risida buyruq chiqargan.
Live
Barchasi