Kanadada noma’lum shaxs masjid oldida musulmonlarga o‘t ochdi
Olam
−
18 aprel 2022 9815 1 daqiqa
Kanadaning Toronto shahrida noma’lum shaxs taroveh namozidan qaytayotgan musulmonlarga qarata o‘t ochdi, natijada 5 kishi yaralandi.
Toronto politsiyasi vakili Devid Ridzikning aytishicha, voqea Skarboro hududidagi “Abu Bakr Siddiq” masjidi yaqinida sodir bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea 16 aprel, shanba kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 01:00 da sodir bo‘lgan, noma’lum shaxs taroveh namozidan keyin masjidni tark etgan musulmonlarga mashinadan o‘q uzgan. Natijada besh kishi jarohatlangan.
Ridzikning aytishicha, jabrlanganlarning hayotiga hech qanday tahdid yo‘q, ulardan uch nafari allaqachon shifoxonadan chiqarilgan, ikki nafari davolanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 15 mart kuni 4 nafar qurollangan terrorchilar Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi masjidlarga kirib, juma namozini o‘qiyotgan musulmonlarga qarata o‘q uzgandi. Ushbu ommaviy qirg‘in natijasida 51 kishi halok bo‘ldi, 49 kishi yaralandi. Ushbu qo‘poruvchilik harakatini avstraliyalik 28 yashar Brenton Tarrant amalga oshirgani ma’lum bo‘lib, u qo‘lga olingan edi.
Sud qaroriga ko‘ra, Brenton Tarrant umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. Unga nisbatan Yangi Zelandiya tarixida ilk bor mahkumni muddatidan avval shartli ravishda ozod qilish huquqi bekor qilindi.