Pokistonda masjid portlatildi. O‘nlab qurbonlar bor (video)
Olam
−
15:56 1220 1 daqiqa
Bugun, 18 sentyabr kuni Pokistonning Afg‘oniston chegarasi yaqinidagi notinch shimoli-g‘arbiy hududida joylashgan masjidda uyushtirilgan portlash oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq odam jarohatlandi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, portlovchi moddalar ortilgan avtomobil Xaybar-Paxtunxva viloyatining Koxat shahridagi politsiya bosh qarorgohi hududida joylashgan masjidning kirish qismiga borib urilgan. Hodisa juma namoziga odamlar yig‘ilayotgan paytda sodir bo‘lgan.
DPA axborot agentligiga ko‘ra, kamida 15 nafar marhum va 50 dan ortiq jarohatlangan kishi shahardagi shifoxonaga olib borilgan. Shifokor Tohir Shohning aytishicha, yaradorlarning ayrimlari og‘ir ahvolda bo‘lgani sababli qurbonlar soni ortishi mumkin.
Hozircha hujum uchun javobgarlikni hech bir guruh o‘z zimmasiga olmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Pokistonning Islomobod shahridagi masjidda portlash sodir bo‘lgan edi. Portlash oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘lib, 169 kishi jarohat olgan edi.