“Ko‘proq odamlarni ogohlantirish mumkin”. FVV masjidlarga sirenalar o‘rnatilishi sababini tushuntirdi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistondagi 7 ta viloyatda joylashgan 272 ta masjidga aholini favqulodda vaziyatlardan erta ogohlantirish uchun maxsus qurilmalar o‘rnatildi. Ular orqali favqulodda vaziyatlarda aholiga tezkor xabarlar yetkaziladi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda respublikaning turli hududlaridagi masjidlarga sirenalar o‘rnatilayotgani va ular sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. FVV ma’lumotiga ko‘ra, bu ishlar vazirlik va BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, maxsus qurilmalar tabiiy xavflar yuqori bo‘lgan Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi masjidlarga o‘rnatilgan. Ular orqali vazirlikning tezkor xabarlarini masjidlarning tashqi ovoz kuchaytirgichlari yordamida keng jamoatchilikka yetkazish mumkin.

FVV matbuot xizmatining tushuntirishicha, masjidlar mahalliy aholi orasida katta ta’sirga ega bo‘lgan ijtimoiy muassasalar hisoblanadi. Shu sababli ular orqali favqulodda vaziyatlar haqida ko‘proq odamlarni ogohlantirish mumkin. Shuningdek, masjidlarni qurishda binolarning zilzilabardoshligiga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Qayd etilishicha, mazkur tizim orqali taxminan 6,5 million nafar aholini, jumladan, ayollar, erkaklar, bolalar va aholining zaif qatlamlarini favqulodda vaziyatlar haqida tezkor xabardor qilish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, mobil aloqa yoki elektr ta’minotida uzilishlar yuz bergan taqdirda ham ogohlantirish xabarlarini yetkazish mumkin.

Shuningdek, FVV mamlakatning barcha hududlarida favqulodda vaziyatlar xavfi haqida aholini tezkor ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing