Kanada Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilgan birinchi davlat bo‘ldi

Olam

image

Kanada Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi to‘g‘risidagi protokollarni ratifikatsiya qilgan birinchi Shimoliy Atlantika alyansi davlati bo‘ldi. Bu haqda Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoning kecha, 5 iyul kuni e’lon qilgan bayonotida aytiladi. 

“Kanada Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilish protokollarini ratifikatsiya qilgan birinchi davlat bo‘ldi. Bu ikki davlatni [ittifoqdagi] to‘liq a’zolikka yaqinlashtiradi”, deydi Bosh vazir. 

Tryudo ikki davlat NATOga tez va samarali integratsiya qila olishiga ishonch bildirgan. 

5 iyul kuni Finlyandiya va Shvetsiya Tashqi ishlar vazirlari Pekka Haavisto va Ann Linde hamda NATOning 30 ta davlati vakillari Shimoliy Atlantika ittifoqiga ikki mamlakatning qo‘shilishi to‘g‘risidagi protokollarni NATO shtab-kvartirasida rasmiy marosimda imzoladilar. Hujjatlar NATOning barcha davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng, Xelsinki va Stokgolm tashkilotga a’zo bo‘ladi. Tasdiqlash xatlari saqlash uchun AQSH Davlat departamentiga yuboriladi. 

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi,  biroq Turkiya bu davlatlardan kurd tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – "Kurdiston ishchi partiyasi", "Suriya xalq mudofaasi otryadi" va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO

Baholaganlar

11

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing