Kaltaklangan MIB xodimlari, Toshkentdagi halokat, Olmazorning so‘kong‘ich hokimi va boshqa xabarlar

Jamiyat

image

28 avgust sanasi ham nihoyasiga yetyapti. Quyida bugunning eng muhim xabarlariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

OTM rahbar va pedagoglari uzluksiz malaka oshiradi – Prezident farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarining professor-o‘qituvchilarining maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lash belgilandi.

Senat raisiga ba’zi vakolatlar topshirildi

O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga  o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

YTH jabrlanuvchilarini qutqargan o‘zbekistonlik mukofotlandi

Joriy yilning 25 avgust kuni O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli Fariddin Nasriyev yo‘l-transport hodisasida jarohatlanganlarga yordam berishda mardonavor harakati uchun O‘zbekiston fuqarosi Danil Yo‘ldoshevga tashakkurnoma topshirdi.

Qashqadaryoda aka-ukalar MIB xodimini kaltakladi (video)

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida aka-uka uyiga kelgan Majburiy ijro byurosi xodimini kaltakladi. Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Sirdaryoda maktab o‘quvchisi pichoqlandi

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani Paxtakor MFYda yashovchi 27 yoshli B.E. Paxtakor MFY hududida o‘zaro janjal oqibatida Zarafshon ko‘chasida yashovchi 25-sonli o‘rta maktabning 11-sinf o‘quvchisi, 17 yoshli N.A.ni pichoq bilan jarohatlagan.

Sergeli hududi Zangiota hisobiga kengayadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda Toshkent viloyati Zangiota tumani ma’muriy hududining umumiy maydonidan 428 gektarlik qismi belgilangan tartibda Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga o‘tkazilgani qayd etilgan.

Toshkentda metall konstruksiya quladi. Qurbonlar bor

Bugun, 28 avgust kuni Toshkent shahrida savdo majmuasi qurilish maydonida metall konstruksiya qulashi natijasida 4 ishchi halok bo‘ldi 2 nafari shifoxonaga yotqizildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentdagi baxtsiz hodisada jabrlanganlarning ahvoli ma’lum ma’lumot berdi.

Jarohatlanganlar zudlik bilan tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Jumladan, 45 yoshli O.Sh. o‘ng tavon suyagining sinishi tashxisi bilan o‘rta og‘ir ahvolda,  Z.R.  esa aralash travma, chap yelka suyagining sinishi tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan. 

Nasos stansiyasida devor qulab, odamlarni bosib qoldi

Bugun, 28 avgust kuni Rossiyaning Novosibirsk shahrida nasos stansiyasi binosi hududida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari vaqtida devor quladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, baxtsiz hodisa natijasida uch kishi halok bo‘ldi. Binoning egasi hisoblangan “Sibirskoy generiruyuey kompanii” energetika xoldingi vayronalar ostida besh kishi qolayotganini ma’lum qildi.

Olmazorning hokimi Prezidentning dushmani...mi? Rahmonovning sharmandali audioyozuvi tarqaldi

Kuni kecha Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning ommaviy axborot vositasi xodimlariga ko‘rsatgan qo‘pol munosabati, ularga tajovuz qilishi ijtimoiy tarmoqlarni “portlatgan” edi. 

Qo‘pollik, ma’rifatsizlik, odamlar bilan moldek munosabatda bo‘lish, ularni haqorat qilish Olmazor tumanidagi ayrim rahbarlarning tashrif qog‘oziga aylangandek. QALAMPIR.UZ`ga Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov o‘tkazgan yig‘ilishdan audioyozuv kelib tushdi.

Audioyozuvda hokim Baxtiyor Rahmonov yig‘ilish ishtirokchilariga qayta-qayta so‘kib murojaat qilayotgani, ularni haqoratlayotgani, qamatish, ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilayotganini tinglash mumkin. 

Prezident uch kishini “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 avgust kuni “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini berish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Bundan tashqari, Prezident bir guruh harbiylar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini mukofotladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

18

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing