Qur’oni Karimni haqoratlagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochildi – IIV

Jamiyat

image

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli diniy adovatni qo‘zg‘atish va dindorlar orasida murosasizlikni keltirib chiqarishni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlar tarqalmoqda.

Xususan, joriy yilning 29 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini “ateist”, deb tanishtirib, u tomonidan Islom dinining ilohiy manbasi va eng muqaddas kitobi – Qur’oni Karimga nisbatan hurmatsizlik aks etgan videolavha tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi va videodagi fuqaroning shaxsi aniqlanganini ma’lum qildi.

Huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida, mazkur shaxs Mingbuloq tumanidan bo‘lgan Sherzod Turdiyev emasligi aniqlangan.

O‘tkazilgan tekshiruv harakatlari natijasida, ushbu videotasvirni suratga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan shaxs aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlariga jalb qilindi.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, mazkur shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov natijasiga ko‘ra, qo‘shimcha ma’lumot berib boriladi.

“Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik kabi azaliy an’analarimizga kundalik hayotimizda amal qilishlarini hamda muqaddas dinimizni oyoq-osti qilib, aholi orasida ixtiloflar keltirib chiqarishga bo‘lgan urinishlar uchun qonunda javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Avvalroq, mazkur voqea yuzasidan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ham rasmiy munosabat bildirib, Qur’oni Karimni haqoratlashga hech kimning haqqi yo‘qligini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qur'oni Karim

Baholaganlar

1380

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing