Yevropada yana Qur’onni yoqib yuborishdi

Olam

image

Joriy yilning 2 iyun kuni Fransiyaning Viyyorban shahrida noma’lum shaxs masjiddan Qur’oni Karimni o‘g‘irlab, uni yoqib yubordi. Bu haqda Rona departamentining masjidlar kengashi saytida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa shaharda joylashgan “Errama” masjidida sodir bo‘lgan. Mahalliy vaqt bilan taxminan tonggi soat 3:45 atrofida bomdod namozidan oldin noma’lum bir kishi yuzini yashirgan holda masjid ichkarisiga kirib, Qur’on nusxasini olib, uni yoqib yuborgan va keyin uni masjid tashqarisiga qo‘yib, voqea joyidan qochib ketgan.

“Bu harakat Fransiyadagi musulmonlarga nisbatan tobora kuchayib borayotgan nafrat va tahdid muhitining yana bir dalilidir”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, joriy yilning 1 may kuni mamlakatning La-Gran-Komb shahrida joylashgan masjidda ibodat qilayotgan odamlar pichoq bilan vahshiylarcha o‘ldirilgan. 2 iyun kuni esa Var departamentida ham yana bir yosh tunislik yigit o‘ldirilgan.

“Rona viloyati masjidlar kengashi ushbu muqaddas joyga qilingan tajovuzni keskin qoralab, bu hodisani musulmonlar sha’niga va diniy erkinlik tamoyiliga og‘ir zarba deb baholadi”, deyiladi xabarda.

Kengash huquq-tartibot organlarini ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsni aniqlab, unga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga chaqirgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, masjid jamoasi va barcha musulmonlarga chuqur hamdardlik bildirilgan. Shu bilan birga, jamiyatdagi barcha institutlar, siyosatchilar va fuqarolarni nafrat, kamsitish va zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashishga da’vat etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiyada pul ishlash uchun Qur’oni Karimga qilgan hujumlari bilan tanilgan iroqlik Salvan Momika Stokgolm shahri chekkasida joylashgan Syoderteledagi uyida otib o‘ldirilgandi. Momika 2023 yilda Islom diniga qarshi norozilik sifatida musulmonlarning muqaddas kitobini bir necha bor ommaviy ravishda yoqib yuborgani bilan Shvetsiyadan tashqarida ham ommaga tanilgan edi. Uning mamlakat rasmiylari homiyligida amalga oshirilgan harakatlari butun dunyoda aks-sado bergan va ba’zi mamlakatlarda norozilik namoyishlari ayniqsa shiddatli tus olgan hamda g‘azablangan odamlar Shvetsiya elchixonalariga bostirib kirgan. O‘sha paytlar muqaddas Qur’oni Karimning Salvan Momika tomonidan yoqib yuborilishini AQSH, Yevropa Ittifoqi, Rim papasi, Shavkat Mirziyoyev va yana qator rasmiylar keskin qoralab chiqqan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya masjid Qur'oni Karim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing