Qrim ko‘prigidagi portlash bo‘yicha Putin topshirig‘i bilan hukumat komissiyasi tuzildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qrim ko‘prigidagi favqulodda holat yuzasidan hukumat komissiyasini tuzishni topshirdi. Bu haqda bugun, 8 oktyabr kuni Pezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

“Qrim ko‘prigidagi favqulodda holat munosabati bilan Vladimir Putin Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin, Bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin, Favqulodda vaziyatlar vaziri Aleksandr Kurenkov va Transport vazirligi Gennadiy Savelev, shuningdek, huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan hisobot oldi. Prezident Bosh vazirga hodisa sabablarini aniqlash va oqibatlarini imkon qadar tezroq bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzishni topshirdi”, deydi matbuot kotibi. 

Shundan so‘ng, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Qrim ko‘prigidagi hodisa sabablarini aniqlash va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.

Komissiyaga Bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin boshchilik qiladi.

Komissiya tarkibiga, shuningdek, Transport vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Rosmorrechflot, Rosavtodor, Rosjildor, Rosgvardiya, Ichki ishlar vazirligi va Federal xavfsizlik xizmati vakillari, Krasnodar o‘lkasi va Qrim respublikasi rahbari kirgan.

Qayd etilishicha, transport vaziri Vitaliy Savelev va Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Aleksandr Kurenkov favqulodda holat joyiga jo‘nab ketgan. Xusnullin ham yaqin soatlar ichida Qrimga uchib borishini va ko‘prikning ahvolini shaxsan o‘zi tekshirishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida portlash yuz berdi va natijada poyezd sisternasida yong‘in chiqdi. Rossiya huquq-tartibot idoralari ko‘prikda yuk mashinasi portlatilganini ma’lum qildi. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoiy ish ochdi.

Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak hodisaga munosabat bildirib, bu boshlanishi ekanini, noqonuniy qurilgan barcha narsa yo‘q qilinishini ta’kidladi.

Qrim ko‘prigi Rossiyadagi eng uzun ko‘prik bo‘lib, uning uzunligi 19 kilometrni tashkil qiladi. Avtomobil qismi 2018 yil may oyida foydalanishga topshirilgan. 2019 yil dekabr oyida esa uning temir yo‘l qismi bo‘ylab birinchi poyezdlar harakatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qrim ko'prigi

Baholaganlar

225

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing