Qozog‘istonga harbiylarini kiritgan Rossiya fuqarolarini evakuatsiya qildi
Olam
−
10 yanvar 2022
7113Rossiya Federatsiyasi 1461 nafar fuqarosini Qozog‘istondan olib chiqib ketdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Jami 1461 nafar Rossiya fuqarosi Qozog‘iston Respublikasidan Rossiya Aerokosmik kuchlarining harbiy-transport samolyotlari orqali Rossiya Federatsiyasiga olib kelindi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kecha, 9 yanvar kuni Rossiya Aerokosmik kuchlarining Qozog‘istondagi samolyotlari Mudofaa vazirligi samolyotlari bilan Rossiya Federatsiyasiga qaytishni istagan 1422 nafar Rossiya fuqarosini Moskvaga va 14 nafarini Yekaterinburgga yetkazgan.
Xabarga ko‘ra, Vataniga qaytarilgan rossiyaliklar Olma-otaga Yangi yil bayrami arafasida mamlakat bo‘ylab sayohat va qarindoshlari bilan dam olish uchun kelgan. Vaziyat keskinlashib, Olma-ota xalqaro aeroporti yopilgach, rossiyalik sayyohlar ma’lum vaqt shahar mehmonxonalarida qolgan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
5 yanvar kuni, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi