Qozog‘istondagi voqealar ta’sirida uran narxi oshib ketdi
Olam
−
06 yanvar 2022
11082Qozog‘istondagi voqealar fonida jahon bozorida uran narxi oshib ketdi. Bu haqda tegishli hisob-kitoblar bilan shug‘ullanuvchi UxC firmasi ma’lumotlariga tayanib xabar berilgan.
Ta’kidlanishicha, narxlar kecha, 5 yanvar kuni 8 foizga oshib, 4 yanvar kungi 42 dollardan bir funt uchun 45,25 dollarga yetgan.
Shu bilan birga, London birjasida eng yirik uran ishlab chiqaruvchi “Kazatomprom” aksiyalari 11 foizga arzonlashgan.
Qozog‘iston dunyodagi uran zaxiralarining 40 foizdan ortig‘ini ishlab chiqaradi. 2021 yil sentyabrida uran narxi keskin ko‘tarilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istondagi barcha moliya tashkilotlari o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Bu haqda mamlakat Milliy banki ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, bunda Olma-otadagi aksilterror operatsiyasi va internetdagi vaqtinchalik muammolar hisobga olingan. Ikkinchi darajali banklar, almashuvchilar, brokerlar, mikromoliya tashkilotlari, KASE (Qozog‘iston fond birjasi) va boshqalar bugun, 6 yanvar kuni ishlamaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat poytaxti Nur-Sultonda faqatgina Xalq banki ishlamoqda. Poytaxt aholisi yagona ishlayotgan bankdan, do‘konlarda internet yo‘qligi sababli naqd pulsiz to‘lov amalga oshirilmagani uchun pul yechib olishga harakat qilmoqda. Bankda uzundan-uzun navbat yuzaga kelgan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKb) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.