Nazarboyev haqidagi ma’lumotlar davlat siri sifatida saqlanadi
Olam
−
13 dekabr
1834Qozog‘iston Senati kecha, 12 dekabr kuni o‘tkazilgan yalpi majlisda "Davlat sirlari to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni ma’qulladi. Bu haqda “Vlast” xabar berdi.
Ushbu o‘zgartirishlarga ko‘ra, sobiq prezidentlarning, shuningdek, ularning oila a’zolari haqida sog‘lik va shaxsiy hayotga oid ma’lumotlar davlat sirlari toifasiga kiritiladi va ularni tarqatish taqiqlanadi.
“Mazkur hujjat endi amaldagi Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev imzosiga yuboriladi”, deyiladi xabarda.
Nashrning qayd etishicha, davlat sirlari bilan bog‘liq o‘zgartirishlar boshqa qonun loyihasiga kiritilgan va majlisda muhokama paytida ular haqida umuman gapirilmagan. Buning o‘rniga deputatlar “Kelajak” yagona ixtiyoriy jamg‘arma tizimini yaratishni hujjatning asosiy maqsadi sifatida ko‘rsatgan. Shu bilan birga, jurnalistlarning ushbu ma’lumotni yashirish zarurati haqidagi savollariga na hukumat, na parlament vakillari aniq javob bera olgan.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonning mustaqil tarixi davomida mamlakatda prezident faqat bir marta o‘zgargan. Sobiq davlat rahbari Nursulton Nazarboyev 2019 yil mart oyida lavozimini tark etgan bo‘lsada, ko‘plab imtiyozlarni saqlab qolgan. Ammo vaziyat 2022 yil yanvar oyidagi norozilik namoyishlaridan so‘ng o‘zgarib ketgan.
2023 yil boshida Nazarboyev “Elboshi” maqomidan mahrum qilingan. Buni barcha deputatlar va senatorlar qo‘llab-quvvatlagan. 15 fevral kuni Prezident To‘qayev sobiq prezident to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni imzolagan. Qozog‘iston Adliya vaziri Azamat Yeskarayevning aytishicha, mazkur qonun kuchini yo‘qotganidan so‘ng Nazarboyev oilasi a’zolari mulk va bank hisoblarining daxlsizligi huquqidan mahrum bo‘lgan.
Shuningdek, 2023 yil iyun oyida Senat sobiq prezidentni Nazarboyev intellektual maktablari, Nazarboyev universiteti va Nazarboyev jamg‘armasining oliy kengashi rahbari maqomidan mahrum qiluvchi tuzatishlarni qabul qilgan.
LiveBarchasi