Qozog‘istondagi tartibsizliklar: 8 nafar huquq-tartibot xodimi halok bo‘ldi
Olam
−
06 yanvar 2022
10640Qozog‘iston Milliy gvardiyasining sakkiz nafar politsiya xodimi va harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi, yana 317 nafari mamlakatning bir qator viloyatlarida ro‘y bergan tartibsizliklar natijasida yaralandi. Bu haqda Respublika Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga tayanib xabar berilgan.
Shuningdek, vazirlik buzg‘unchilik va talon-taroj qilish harakatlari provokatorlar tomonidan uyushtirilganini aytib, fuqarolarni ularning provokatsiyalariga berilmaslikka chaqirgan.
Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istondagi morgda olingan video tarqalmoqda. Unda qurolli harakatlar chog‘ida ko‘plab fuqarolar halok bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Kecha, 5 yanvar kuni Olma-ota shahri aeroportida o‘tkazilgan aksilterror operatsiyasi davomida yana ikki harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Olma-otada terrorchi to‘dalar bir aeroport va beshta samolyotni, jumladan xorijiy samolyotni qo‘lga olganini ma’lum qildi. Olma-ota aeroporti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, binoda maxsus operatsiya o‘tkazilgan. Aeroport bosqinchilardan ozod qilingan.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, namoyishlarda yuzlab odamlar jabrlangan. Ular orasida huquq-tartibot idoralari xodimlari, shifokorlar, oddiy aholi, jumladan, keksalar mavjud.
Kechagi Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 37 ta xizmat avtomashinasiga zarar yetkazilgan.
Qayd etilishicha, davlat organlari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik, bezorilik, davlat binolariga hujum qilishga doir 13 ta holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKb) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi